Sport | 14:29 / 02.09.2023
23014
14 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» - «MYu» va haftaning yana eng muhim 4 to‘qnashuvi

Foto: Getty images

So‘nggi kunlarda Yevropa futboli bizni zeriktirmadi. YeChL qur’asi kuzda bizni qanday uchrashuvlar kutib turganiga oydinlik kiritgan bo‘lsa, bugun transferlar oynasi yopildi va bir qator e’tiborli transferlar amalga oshdi. Dam olish kunlaridagi o‘yinlar shu tomoni bilan ham qiziq – endi jamoalar yakuniy shaklga ega bo‘lishdi va kamida qishgacha mana shu tarkibda belgilangan vazifalarni bajarishga kirishishadi. Albatta, dedlayni 7 sentabrgacha bo‘lgan Saudiya Pro ligasining so‘nggi hamlasidan qutulib qolishsa...

BRAYTON – NYuKASL (2 sentabr, 21:30)

«Nyukasl» uchun juda qiyin taqvim tuzilganini ta’kidlash kerak. «Aston Villa» bilan boshlangan mavsum «Manchester Siti», «Liverpul», ana endi «Brayton» bilan davom ettiriladi. Shu holatdayam «qarg‘alar» yaxshi pozitsiya egallashlari mumkin edi, ammo o‘tgan turda bir kishi ko‘p bo‘lib turib ham «Liverpul» bilan o‘yinda ustunlikni boy berib qo‘yishdi. «Brayton» esa ko‘pchilik uchun kutilmaganda «Vest Hem»ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. O‘yinning dastlabki yarim soatida «Vest Hem» atigi 30 marotaba pas amalga oshirib, ammo hisobda oldinda bo‘lgani turli «memlar»ga aylanib ketdi. Nimayam qilardik, bu biz bilgan «Brayton», boshqachasi qiziq emas.

To‘p nazorati, texnik ustunliklarga urg‘u beradigan «Brayton»ning o‘zining butunlay teskarisi bo‘lgan, «bolg‘amisol» uslub bilan raqiblarini yer tishlatadigan «Nyukasl» bilan to‘qnashuvi aynan uslublar qarama-qarshiligi jihatidan ham qiziq bo‘ladi. O‘tgan mavsumda «Nyukasl»ning pragmatizmi har ikki o‘yinda ham ustun kelgan, umuman qatorasiga besh o‘yindan beri «Brayton» raqibi ustidan g‘alaba qozona olmayapti. Oxirgi 16 o‘yinda esa kuchlar teng – har ikki tomonda ham beshtadan g‘alaba.

Tarkiblarga kelsak, mezbonlar safida Ensisoning jarohati biroz achinarli. O‘tgan mavsum kashfiyoti bo‘lgan va MakAllisterning ketishidan keyin asosiy rolga chiqishi kutilgan paragvaylik futbolchi tizzasidan jarohat olgan. Uning qachon safga qaytishi aniq emas. «Nyukasl» safida esa bir necha kunga chetga chiqqan Uillokning jarohatidan tashqari, Joalinton va Botmanning maydonga tushishi so‘roq ostida.

Yana bir kichik voqelik – muxlislar Ansu Fatining Angliyadagi debyutiga guvoh bo‘lishlari mumkin. «Brayton» 20 yoshli hujumchini ijaraga olishga muvaffaq bo‘ldi. Mehmonlar uchun esa transfer oynasining so‘nggi kunlari ancha sokin kechdi. Chempionlar ligasidagi olovli qur’ani inobatga olmasak, albatta.

NAPOLI – LATsIO (2 sentabr, 23:45)

O‘tgan mavsumning ilk ikki o‘rni egalari 3-turda kuch sinashadi. Faqat «Latsio»ning juda muvaffaqiyatsiz debyuti uchrashuv afishasiga soya solib turibdi. Rimliklar ikki autsayder – avval «Lechche, keyin esa uyda «Jyenoa»ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Endi qiyin palla boshlanyapti, avval «Napoli» maydoniga safar, hamda 4-tur «Yuventus»ga qarshi kechadi. «Latsio» dastlabki 4 turda ochkosiz qolish xavfi bor. Sarri jamoasi transfer bozorida ham mag‘lubiyatga uchradi, deb aytish mumkin. Milinkovich-Savichning Saudiyaga ketgani, so‘nggi kunlarda Grinvud transferi amalga oshmay qolganini e’tiborga olsak, hammasi reja bo‘yicha ketmayotganini taxmin qilish mumkin.

Foto: Getty images

«Napoli» o‘tgan yilgi mavsumni davom ettirayotgandek go‘yo. Ikki turda ikki ishonchli g‘alaba qo‘lga kiritildi. Eng muhimi yil kashfiyotlari Osimhen va Xvichaning saqlab qolingani jamoaning bir yillik chempion emas, doimiy ravishda yuqori o‘rinlar uchun da’vogarlik qilish niyati borligini ko‘rsatib turibdi. Kimning «Bavariya»ga ketishi bor, to‘g‘ri, ammo Rahmani – Xesus juftligi hozircha koreyalik himoyachining yo‘qligini bildirmayapti.

Qiziq fakt. Uch o‘yindirki bu jamoalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda mehmonlarning qo‘li baland kelmoqda. Avval «Napoli» ikki marta Rimda bir xil – 2:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, so‘nggi uchrashuv Neapolda «Latsio»ning 1:0 hisobidagi muvaffaqiyati bilan yakunlandi.

LIVeRPUL – ASTON VILLA (3 sentabr, 18:00)

«Liverpul» birminhemliklardan uch yil oldin 2:7 hisobidagi mag‘lubiyatni ham, aynan ushbu jamoa bilan durang o‘tgan mavsumda Chempionlar Ligasi umididan mahrum qilganini yaxshi eslaydi. Klopp shogirdlari dastlabki turlarda qiyin jamoalarga qarshi 7 ochko olgan bo‘lsa-da, o‘yin jihatidan muammolar ko‘pligini, «Aston Villa» esa aynan muammoli jamoalarga qarshi samarali o‘ynay olishini yaxshi bilishadi. Xullas har ikki tomondan ham jiddiy tayyorgarlik va juda qiyin uchrashuvni taxmin qilish mumkin. «Liverpul» ayniqsa, yarimhimoyaning yangilanishi bilan muammolarga duch kelmoqda, buning ustiga Endo, MakAllister, Soboslai kabi yangi futbolchilar o‘zaro til topishishiga yordam berishi lozim bo‘lgan o‘yinlarda jamoa bir kishi kam bo‘lib qolmoqda. «Bornmut»da MakAllister, «Nyukasl»da van Deyk qizil kartochkaga loyiq ko‘rildilar.

Foto: Getty images

«Aston Villa» ancha e’tiborli transferlar amalga oshirgach, ko‘pchilik yuqori o‘rinlar uchun da’vogarlardan biri bo‘lishini taxmin qildi, hatto YeChL o‘rinlari uchun kurashishi mumkinligini aytganlar bor. Langle, Dzanolo, Diabi, Pau Torres, Tilemans – har qanday top klub ham havas qilishi mumkin bo‘lgan xaridlar, shunday emasmi? «Nyukasl»dan mag‘lubiyat bu farazlarga soya solgan bo‘lsa-da, Emeri shogirdlari tezda o‘zlarini o‘nglab olishdi. «Everton» va «Byornli» ustidan ishonchli g‘alabalar, orada Konferensiyalar kubogida «Hibernian» darvozasiga ikki o‘yinda javobsiz 8 gol jamoada hammasi joyida ekanidan dalolat qilmoqda.

Yarim himoyani transfer oynasining so‘nggi kunida Gravenberx bilan ham to‘ldirgan «Liverpul» navbatdagi o‘yinlarda himoya markazida muammolarga duch keladi. Yuqorida tilga olingandek, van Deykda qizil kartochka bor va diskvalifikatsiya tufayli ushbu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Konate avvalroq jarohat olgan va bir oygacha jamoaga yordam bera olmaydi. Natijada himoya markazida umuman uchinchi va to‘rtinchi tanlovlar maydonga tushishga majbur. Mehmonlar tarkibida esa yo‘qotishlar ko‘proq. Koutino, Dendonker, Mingz, Buendiya, Remzi, Traore kabi futbolchilar jarohatlangan. Shuningdek, bir necha o‘yindirki «Aston Villa» darvozasini Robin Ulsen qo‘riqlamoqda. Martines safga qaytgan bo‘lsa ham, hali qanchalik tayyor ekani ma’lum emas.

ARSeNAL – MANCheSTeR YuNAYTeD (3 sentabr, 20:30)

O‘tgan mavsumda «Manchester Siti»dan keyingi o‘rinlarni egallagan va yozda sezilarli ravishda tarkib bo‘yicha kuchaygan bu ikki jamoa chempionlik poygasida «Siti»ga qarshilik qilishlari kutilgandi. Ammo hozircha har ikkisi ham turli muammolarga o‘ralashib qoldi. «Arsenal» asosan Rays, Havers kabi yangi futbolchilarga moslashish, maydonda ularning ustunliklaridan maksimal darajada foydalanish yo‘llarini qidirayotgan bo‘lsa, «Manchester Yunayted»da jarohatlar epidemiyasi boshlandi. Klub tarkibni kengaytirish o‘rniga, so‘nggi kunlarda Meyson Maunt va Lyuk Shouning o‘rnini qishgacha to‘ldirib turishi lozim bo‘lgan nomzodlarni saralash bilan o‘tkazdi. Shuningdek, Rafael Varan ham uzoq muddatga safdan chiqqani ma’lum bo‘ldi. Serxio Regilon va Sofyan Amrabat shu kunlarda Manchesterga kelgan bo‘lishsa-da, hatto «Arsenal» bilan o‘yindanoq asosiy tarkibdan joy olish imkoniyatiga egalar. Yana bir quvonchli xabar – Erik ten Hagning matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, Rasmus Hoylund hafta davomida jamoa bilan birga shug‘ullandi va ushbu o‘yinga u ham tayyor.

O‘yinni tashkil qilish va mavsumga tayyorlik borasida albatta, «Arsenal» ancha ustun. O‘tgan turda «Fulhem»ga ochko taqdim etilgan bo‘lsa-da, vaziyatlar yaratish, o‘yinni nazorat qilish bobida «MYu»dan ancha oldinda ekanini sezish qiyin emas. Zinchenko, Jyezus kabi futbolchilarning tiklanishi ham Artetaga turli variantlarni sinab ko‘rish imkoniyatini taqdim etadi. Katta ehtimol bilan bu o‘yin ham londonliklarning to‘liq ustunligida o‘tishi taxmin qilinmoqda. Faqatgina ma’lum bir ssenariy yoki ten Hag tomonidan syurpriz reja o‘yinning kutilmagan tomonga ketib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin xolos.

Foto: Getty images

Zero aynan Londonda o‘tgan o‘yinlar so‘nggi yillarda «Arsenal»ning yaqqol ustunligida o‘tayotganini ham ta’kidlash mumkin. Oxirgi 5 o‘yindan faqat bir marta 0:0 hisobidagi durang qayd etilgan, qolgan barcha o‘yinlarda «Arsenal» ishonchli g‘alabaga erishgan. O‘tgan mavsumdagi uchrashuvda mezbonlar g‘alaba golini so‘nggi daqiqada urgan bo‘lsa-da, jamoa ancha ustunlik bilan harakat qilganini eslasangiz kerak.

Darvoqe, yaqindagina jamoalar AQShda o‘zaro o‘rtoqlik uchrashuvida ham kuch sinashgandi. Ten Hag shogirdlari o‘sha o‘yinda 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, Brunu Fernandesh va Sancho gol mualliflari bo‘lishgan.

ATLeTIKO – SeVILYa (3 sentabr, 21:30)

«Sevilya» xuddi o‘tgan yilgidek, mavsumni juda yomon boshlagan bo‘lsa-da, Ispaniyada ikki YeChL qatnashchisining o‘yini katta qiziqish bilan kutib olinishi turgan gap. Ayniqsa, alohida o‘yinlarda andaluslar har qanday raqibga qarshi tura olishini Yevropa Ligasi o‘yinlari ko‘rsatib bergandi. Jamoalar o‘rtasidagi oxirgi besh o‘yindan uchtasida madridliklar g‘alaba qozona olmagan, yozda bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinida esa murosa ko‘chasi tanlangan – 1:1.

«Atletiko» mavsumni har doimgidek juda kuchli boshladi. Ayniqsa, o‘tgan turda «Rayo Valekano» darvozasiga yo‘llangan 7 gol Simeone jamoasida hammasi o‘z o‘rnida ekanini ko‘rsatib turibdi. Grizmann, Depay, Morata, Korrea – har bir hujumchi o‘sha o‘yinda gol urishga muvaffaq bo‘lgani ham jamoaning kuchini ko‘rsatib turibdi. Xavf qaysi tomondan kelishini ham taxmin qilish qiyinchilik tug‘diradi. Ahamiyatli jihati «Rayo» ham u qadar autsayder jamoa emas, dastlabki ikki turda birorta ham gol o‘tkazmay, yuz foizli natija qayd etib turgandi.

Transfer oynasining so‘nggi kunida «Sevilya» bo‘sh turmadi va tarkibni mustahkamlashga harakat qildi. Dastlabki uch turdagi mag‘lubiyat Mendilibar ixtiyoriga yangi kuchlar lozimligini ko‘rsatib bergan bo‘lishi mumkin. Mariano Dias erkin agent sifatida jamoa a’zosiga aylangan bo‘lsa, Bubakari Sumare «Lester»dan ijaraga olindi. Shunday bo‘lsa-da, «Atletiko»ga qarshi o‘yinda «Sevilya»da juda ko‘p asosiy futbolchilar jarohat tufayli sheriklariga yordam bera olishmaydi. Fernando, Navas, Akunya, Markao, Kuyassi kabi futbolchilarning barchasi shu oy oxirida to‘liq tiklanishlari kutilmoqda. Mezbonlar safida esa Ximenes, Koke, Saul, hamda Depaylar maydonga tusha olishmaydi.

BOShQA O‘YINLAR

2 sentabr. Byornli – Tottenhem (19:00), MANCheSTeR SITI – Fulhem (19:00), CheLSI – Nottingem Forest (19:00), ReAL MADRID – Xetafe (19:15), Borussiya M – BAVARIYa (21:30)

3 sentabr. INTeR – Fiorentina (21:30), Union Berlin – LeYPsIG (20:30), Lion – PSJ (23:45), Empoli – YuVeNTUS (23:45), Osasuna – BARSeLONA (23:55).

Mavzuga oid