Jahon | 08:18 / 04.09.2023
4766
3 daqiqa o‘qiladi

Eronda ikki jurnalist ayol qamoq jazosiga hukm qilindi

Jurnalistlar «fitna»da aybdor deb topildi. Ularning har biri uch yil qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq ular bir oydan kamroq muddatni o‘tashi kerak bo‘ladi. 

Foto: imago images/Konrad Zelazowski

Eron poytaxti Tehron sudi ikki nafar eronlik jurnalist ayolni «fitna»da aybdor deb topib, har birini uch yildan qamoq jazosiga hukm qildi. Shu bilan birga, «Ham Mihan» gazetasidan bo‘lgan Elnas Muhammadiy va «Haft-ye Sobh» gazetasi xodimi Negin Bageri qamoq muddatining qirqdan bir qismini o‘tashi kerak, ya’ni ular bir oydan kamroq muddat qamoqda bo‘ladi. Bu haqda yakshanba, 3 sentabr kuni ularning advokati xabar qildi.

Jurnalistlarning qolgan besh yili sinov muddati bo‘ladi. Ayni paytda ular, sud hukmiga ko‘ra, «kasbiy etika» kurslarida qatnashadi. Ularga Eronni tark etish taqiqlandi. 

Elnas Muhammadiy fevral oyida qo‘lga olingan edi. U bir hafta Tehrondagi mashhur «Evin» qamoqxonasida saqlandi. O‘shanda uning ushlanishi sababi oshkor etilmagan. Elnas Muhammadiy o‘tgan yilning sentabridan beri hibsda qolayotgan jurnalist Elahe Muhammadiyning singlisi. Uning yosh kurd ayoli Mahsa Aminiyning dafn marosimi haqidagi maqolasi bu qizning o‘limi bilan bog‘liq mojaro dunyo bo‘ylab tarqalishiga katta hissa qo‘shgan. 

Erondagi ommaviy namoyishlar 

Aminiyning o‘limi Eronda bir necha oylik ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. 22 yoshli kurd ayol o‘tgan yilning sentabr oyida Tehronda ro‘mol o‘rash qoidalarini buzgani uchun axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinganidan so‘ng vafot etgan edi. 

Namoyishlar natijasida yuzlab odamlar, jumladan o‘nlab xavfsizlik xodimlari halok bo‘ldi. Minglab namoyishchilar «Isroil va G‘arb tomonidan uyushtirilgan tartibsizlikka» aloqadorlikda ayblanib qo‘lga olingan. Namoyishlar boshlanganidan beri 90 dan ortiq jurnalist ham so‘roq qilingan yoki ushlangan. 

Mavzuga oid