O‘zbekiston | 09:13 / 05.09.2023
17328
3 daqiqa o‘qiladi

Kemerovoda Usmon Nosir haykali ochildi

4 sentabr kuni Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatining Mariinsk shahrida shoir Usmon Nosir haykali ochildi. Stalin repressiyalari vaqtida Sibirga surgun qilingan shoir hozirgi Kemerovo viloyati hududidagi o‘rmonzorda dafn etilgan.

Foto: O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi

O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi xabariga ko‘ra, haykal muallifi Konstantin Zenich bo‘lib, u shoir Usmon Nosirning o‘ziga xos siymosini yarata olgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi Mariinskdagi o‘rmonzor qaridagi qatag‘on qurbonlari mozorida dafn etilgan Usmon Nosirning qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilinib, o‘tganlar xotirasi yod etildi. Shoirning qabriga gullar qo‘yildi. 

Foto: O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi

Tadbirda Kemerovo viloyati gubernatori Sergey Tsivilyov, O‘zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Botir Asadov, O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayid va Novosibirskda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, xorijda yashayotgan vatandoshlar, mahalliy ijodkorlar va Kemerovo viloyati Mariinsk shahrining keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Foto: O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi

Usmon Nosir 1912 yil 13 noyabrda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Moskvadagi Kinematografiya institutining ssenariy fakultetida (1929-30 yillar) va Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining til va adabiyot fakultetida bir muncha muddat tahsil olgan (1933-34 yillar). 

«Quyosh bilan suhbat», «Safarbar satrlar» (1932), «Traktorobod» (1934), «Yurak» (1935), «Mehrim» (1936) kabi she’riy to‘plamlari, «Norbo‘ta» va «Naxshon» (1934) dostonlari nashr etilgan. «Atlas» (1935) pesasi o‘z vaqtida havaskorlar teatri sahnasida qo‘yilgan. A.Pushkinning «Boqchasaroy fontani», M.Lermontovning «Demon» («Iblis») dostonlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 

Foto: O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi

Usmon Nosir 1937 yil 13 iyulda «xalq dushmani» sifatida hibsga olinib, dastlab Magadan, so‘ngra Kemerovo viloyatlaridagi qamoqxonalarga yuborilgan va 1944 yil 9 martda o‘sha yerda vafot etgan.

Foto: O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi
Foto: O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi
Foto: O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi

Mavzuga oid