Jamiyat | 16:21 / 07.09.2023
13820
2 daqiqa o‘qiladi

Yashil bargli mahsulotlarning o‘pka sog‘lom bo‘lishiga yordam berishi aniqlandi

Yangi tadqiqotga ko‘ra, vitamin K me’yoridan kam bo‘lgan odamlarda o‘pka holati ham qoniqarli bo‘lmaydi. Vitamin K me’yorda bo‘lishi uchun esa yashil bargli ko‘katlar: brokkoli, ismaloq kabi mahsulotlarni iste’mol qilish kerak.

Daniyalik bir guruh olimlar o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, vitamin K yetishmovchiligi bor insonlarda o‘pka faoliyati sust bo‘ladi va ko‘proq shu toifadagi odamlar astma, xirillash va boshqa nafas tizimiga oid kasalliklardan aziyat chekadi.

"Vitamin K ning qon uchun zarurligi haqida tadqiqotlar yetarli, uning suyaqlar va yurak uchun ham ahamiyati o‘rganilyapti, biroq K vitaminining o‘pka uchun muhimligi haqida deyarli tadqiqot yo‘q edi" deydi tadqiqotchilardan biri Torkil Jyespersen.

Tadqiqotchilar 24 yoshdan 77 yoshgacha bo‘lgan 5 mingga yaqin ishtirokchining o‘pka faoliyatini o‘rgangan va ularda nafas mashqlari o‘tkazishgan. Shuningdek, ishtirokchilardan vitamin K ga qon tahlili olingan, ular sog‘lom turmush tarziga oid so‘rovnomalarda qatnashgan. Umumiy o‘rganishlar natijasida vitamin K darajasi past bo‘lgan kishilarda nafas olish mashqlaridagi ko‘rsatkichlar ham pastroq chiqqan, ularda xirillash va astma kabi holatlar ham aniqlangan.

Olingan xulosaga ko‘ra, qonida vitamin K kamroq bo‘lgan odamlarda o‘pka faoliyati yomonroq bo‘lishi mumkin va bundan keyingi tadqiqotlarda shu vitaminning yetishmovchiligining oldini olish o‘pka faoliyatini yaxshilashga yordam berish-bermasligi o‘rganiladi.

Lekin K vitamini foydali degani uning me’yordagi iste’molini oshirib yuborish kerak degani emas. Buning foyda-zarari haqida yana alohida tadqiqotlar kerak.

19 yoshdan oshgan erkaklar uchun vitamin K ning kunlik dozasi 120 mkg, ayollar uchun esa 90 mkg.

K vitaminiga boy mahsulotlar:

  • Karam;
  • Brokkoli;
  • Ismaloq;
  • Salat bargi;
  • Avakado;
  • Sholg‘om. 

Mavzuga oid