Jahon | 09:35 / 13.09.2023
5502
2 daqiqa o‘qiladi

Marokashda zilzila tufayli halok bo‘lganlar soni 3000 kishiga yaqinlashdi

Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Marokashda so‘nggi 60 yil ichida sodir bo‘lgan eng kuchli zilzila natijasida 2900 dan ortiq kishi halok bo‘lgani, yana 5500 ga yaqin kishi jarohat olgani ma’lum. Marokashda uch kunlik motam e’lon qilindi.

Foto: Saouri Aissa/Xinhua/IMAGO

Marokashdagi kuchli zilzila oqibatida kamida 2901 kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda mamlakat davlat telekanallari 12 sentabr, seshanba kuni Marokash Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib.

Yana kamida 5530 kishi jarohat olgan. Aniqlangan zilzila qurbonlari soni yanada ortishi mumkin. Fojia munosabati bilan avvalroq Marokash qirollik sudi mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilgan edi.

Yevropa Ittifoqi va Germaniya Marokashga yordam berishga tayyor

Germaniyaning o‘nlab qutqaruvchilari zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun Shimoliy Afrika mamlakatiga uchib ketishga tayyor ekanini ma’lum qildi, deb xabar berdi Germaniya Texnik yordam xizmati (THW). «Hozircha Marokash yordam so‘ragani yo‘q. Lekin biz tomondan hammasi tayyor», - deya ta’kidlaydi tashkilot vakili dpa agentligiga.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi Marokashga kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam taklif qilgan edi. «Yevropa Ittifoqi Marokashni ushbu qiyin paytda qo‘llab-quvvatlashga tayyor», deb yozdi Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel X ijtimoiy tarmog‘ida. 

9 sentabrga o‘tar kechasi 6,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Marokash milliy geofizika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila episentri Marrakeshdan 70 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Marrakesh-Safi tog‘li hududida bo‘lgan. AQSh Geologik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i 18,5 kilometr chuqurlikda joylashgan. Bu Marokashda so‘nggi 60 yildan ortiq vaqt davomida sodir bo‘lgan eng kuchli zilzila bo‘ldi, deya xabar beradi dpa. 

Mavzuga oid