O‘zbekiston | 20:14 / 20.09.2023
26638
3 daqiqa o‘qiladi

Bir tashkilotda bir vaqtda ikki boshliq - SSV bunga izoh berolmayapti  

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” direktori Mirzohid Qodirov SSV vazirining buyrug‘i bilan Fransiyaga xizmat safariga yuborilgan vaqtda markazga 7 oy avval poraxo‘r deb tanqid qilingan Agzam Nortoyev direktor etib tayinlanadi. Bu buyruqni ham vazir Inoyatov imzolagan. Qizig‘i, Mirzohid Qodirov hali rasman lavozimda va Parijda markaz rahbari sifatida xalqaro hujjatlarni imzolamoqda.

Mirzohid Qodirov va Agzam Nortoyev

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasiga Agzam Nortoyev direktor etib tayinlangani xabar qilingandi. Tayinlov ortidan ishning yangi tafsilotlari paydo bo‘ldi.  

Ma’lum bo‘lishicha, tayinlov tashkilotning amaldagi direktori Mirzohid Qodirov lavozimdan ozod etilmagan holatda, u xizmat safariga ketganida amalga oshirilgan. Va ayni damda mantiqan bir tashkilotga ikki shaxs direktorlik qilmoqda.

Amrillo Inoyatov 2023 yilning 6 sentabr kuni Alisher Shodmonov boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasini 17-21 sentabr kunlari Fransiya davlatiga xizmat safariga yuborish haqida buyruq chiqargan. Mazkur buyruq bilan xizmat safariga boruvchi 15 kishidan iborat delegatsiya tarkibi tasdiqlangan.

Tarkibda vazirlik huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi direktori Mirzohid Qodirov ham bor. Ayni paytda delegatsiya a’zolari Fransiyada bo‘lib turibdi.

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha,Mirzohid Qodirov safarda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi direktori sifatida chet el tashkilotlari bilan hamkorlik hujjatlarini imzolamoqda.

Mirzohid Qodirov safarda yurgan bir paytda Amrillo Inoyatovning buyrug‘i bilan “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasiga Agzam Nortoyev direktor etib tayinlangan.

Pirovardida ikki hujjatdan biri haqiqiy bo‘lmay qoladi: yoki Agzam Nortoyevni lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi buyruq yokiMirzohid Qodirov safarda imzolayotgan xalqaro darajadagi hujjatlar.

Amrillo Inoyatov shu yil fevral oyi boshida o‘tkazgan tanqidiy yig‘ilishda o‘sha paytda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining maxsus raqamli markirovkalashni joriy etish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Agzam Nortoyevni poraxo‘rlikda ayblagandi.

“Referent narxlarni shakllantirishda sun’iy ravishda elektron tizim ishini murakkablashtirib, tadbirkorlar uchun tushunarsiz qilib olgan. O‘zining retseptini qilib olgan bu noinsof. Farmkompaniyalar referent narxlarini elektron bazaga kiritishda unga yordam uchun murojaat qilganda, firmalardan bir dori uchun 100 dollardan 1000 dollargacha pul undirib keladi”, degandi o‘shanda vazir Agzam Nortoyev haqida.

Oradan 7 oy o‘tib esa shu shaxs ushbu tashkilotga aynan Inoyatovning buyrug‘i bilan direktor etib tayinlandi.

Kun.uz’ning Sog‘liqni saqlash vazirligidan izoh olishga bo‘lgan urinishlari natija bermadi.

Ma’lumot uchun, Agzam Nortoyev Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetini hamda Moskva davlat universitetini (magistr) tamomlagan. Mutaxassisligi – siyosatshunos. Sohadagi mehnat faoliyatini 2020 yil boshlagan. Mirzohid Qodirov esa 2003 yilda Toshkent farmatsevtika institutini tamomlagan va shundan buyon ushbu tizimda ishlab keladi.  

Ruslan Saburov
Kun.uz

Mavzuga oid