O‘zbekiston | 14:13 / 20.09.2023
20596
2 daqiqa o‘qiladi

Jo Bayden Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga kelishi mumkin

“Men bu uchrashuvimizning davomini ham ko‘rishni chin dildan istayman”, dedi AQSh prezidenti Nyu-Yorkda markaziy osiyolik hamkasblari bilan C5+1 formatidagi ilk sammitdan keyin. “Sizlar bilan tez orada, ehtimol mamlakatlaringizdan birida uchrashishga umid qilib qolaman”, deya ta’kidladi u. Agar tashrif amalga oshsa, Bayden Markaziy Osiyoga kelgan ilk AQSh prezidenti bo‘ladi.

Foto: Associated Press

AQSh prezidenti Jo Bayden S5+1 formatidagi birinchi Markaziy Osiyo – AQSh rahbarlari uchrashuvi so‘ngida bu muloqotni “tarixiy” deb atadi.

“Buning tarixiy lahza deb hisoblayman. Bizning uchrashuvimiz poydevorida Markaziy Osiyo va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi o‘zaro suverenitet, mustaqillik, hududiy yaxlitlikka sodiqligimizga asoslangan ko‘p yillik yaqin hamkorligimiz turibdi. Bu tamoyillar hozir har qachongidan ham ko‘proq ahamiyatga ega, deb o‘ylayman. Bugun esa biz hamkorligimizni yangi darajaga olib chiqyapmiz”, – dedi Bayden.

AQSh prezidenti uning mamlakati Markaziy Osiyo bilan terrorizmga qarshi kurashish, iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirishga doir yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashga intilayotganini qayd etib, mintaqadagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun Amerika tomonidan yangi tashabbus ilgari surilayotganini ta’kidladi.

“Bugungi sermahsul suhbatimiz uchun barchangizga tashakkur aytmoqchiman. Kelgusida yanada ko‘proq birgalikda ishlashimizni sabrsizlik bilan kutaman. Men bu uchrashuvimizning davomini ham ko‘rishni chin dildan istayman, chunki ishonchim komilki, biz – xalqlarimiz birga bo‘larkan ekanmiz, kuchliroq bo‘lamiz, dunyo ham xavfsizroq bo‘ladi”, – dedi u.

Jo Bayden markaziy osiyolik hamkasblariga yana bir bor tashakkur bildirdi va bayonotini shunday yakunladi:

“Sizlar bilan tez orada, ehtimol mamlakatlaringizdan birida uchrashishga umid qilib qolaman. Rahmat”.

Ma’lumot uchun, ayni paytga qadar AQSh prezidentlari Markaziy Osiyoning hech bir davlatiga tashrif buyurmagan. Hozircha mintaqaga kelgan eng yuqori lavozimli amerikalik siyosatchilar AQSh davlat kotiblari bo‘lgan. 1992 yildan keyingi davrda Davlat departamentini boshqargan 11 nafar diplomatdan 7 nafari O‘zbekistonga kelgan.

Mavzuga oid