Jamiyat | 18:06 / 27.09.2023
16794
7 daqiqa o‘qiladi

Ularga pul, foyda kerak emas – volontyorlar o‘zi kim?

Tabiiy ofat bo‘lgan hududdagi odamlarga yordam berish, xayriya loyihalari tashkillashtirish, daraxt ekish, atrofni chiqindilardan tozalash, yana qilish mumkin bo‘lgan ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiruvchi volontyorlar dunyo bo‘yicha 1 mlrddan ko‘proq.

Dunyo miqyosida ko‘plab odamlar har xil qiyinchiliklarga duch kelib turadi. Bular iqlim ofatlari, kasalliklar, kambag‘allik, yana tinchlikka raxna soluvchi boshqa muammolar bo‘lishi mumkin. Shunday vaziyatda volontyorlar odamlarning joniga ora kiradi, ularni qo‘llab-quvvatlab qiyinchilik vaziyatida hech qanday ta’masiz yordam beradi. Biz bunday ko‘ngilli odamlarni volontyorlar deb ataymiz.

Qiziq faktlar

Dunyo bo‘yicha 1 mlrddan oshiq odam volontyorlar hisoblanadi. AQShda esa har to‘rtinchi odam volontyorlik qiladi. Rasmiy va norasmiy manbalarga ko‘ra, ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proq volontyorlik bilan shug‘ullanadi.

Ayniqsa, koronavirus pandemiyasidan keyin volontyorlik qilish tizimi o‘zgarib ketdi. Pandemiya boshlangan 2020 yildan 2022 yilgacha onlayn volontyorlik qilish foizi 32 foizdan 51 foizga oshgan.

Volontyorlik nima degani?

Volontyorlar — ko‘ngillilar biror foyda olish maqsadida emas, balki ezgu maqsadlar yo‘lida jamoat ishlarini bajarish, notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun turli vazifalarni bajarishga kirishgan kishilardir. Ular bu maqsad yo‘lida o‘z vaqtlari va energiyalarini pul olmasdan sarflaydi.

Masalan, qaysidir hududda sel toshqini bo‘lib odamlarning yashash joylari xarobaga aylangan bo‘lsa, volontyorlar tozalash ishlariga yordam berishi mumkin. Yoki o‘tkaziladigan turli foydali tadbirlarni tashkillashtirib berishi mumkin. Ularning turli yo‘nalishlarda odamlarga foydasi tegadi. 

Volontyorlik qanday vujudga kelgan?

Volontyorlik tarixi 12-asrdagi Buyuk Britaniya bilan bog‘lanadi. Bu davrda volontyorlar tomonidan boshqariladigan 500 dan ortiq kasalxonalar bor edi. Lekin tarixda bundan oldin ham odamlarga ko‘ngilli tarzda yordam berish tizimi bo‘lganini inkor qilib bo‘lmaydi. Ko‘ngilli tarzda qilinadigan ishlar, asosan, din va diniy idoralar bilan bog‘liq tarzda amalga oshirilgan.

"Volontyor" so‘zining paydo bo‘lishi esa 17-asrga borib taqaladi, bu so‘z fransuz tilidan olingan. Uning faol ishlatilishi 18-asrda odamlarning harbiy xizmatga ko‘ngilli tarzda qo‘shila boshlashi bilan ommalashadi. Bugunga kelib esa "volontyor" so‘zi harbiy xizmat bilan emas, ko‘proq jamoat ishlari bilan bog‘liq.

Uyushgan ko‘ngillilar harakatlari esa 19-asrdan boshlab yoshlar va ayollarning urushlarda yaralangan askarlarga yordam berish, ularga ta’minot yig‘ish kabi harakatlarni amalga oshirishi uchun tuziladi.

Ikkinchi jahon urushi davrida volontyorlar ilk marta turli xorijiy davlatlarga boshqalarga yordam berish uchun bora boshladi. Keyinroq volontyorlik ommalashishi bilan turli tashkilotlar, ta’lim muassasalari o‘z xodimlari, talabalaridan volontyorlik dasturlarida qatnashishni talab qila boshladi.

Hozir turli ta’lim dasturlariga hujjat topshirganda volontyorlik bilan shug‘ullanish ham inobatga olinadi.

Qaysi davlatlarda volontyorlar ko‘proq?

Aholisi volontyorlik bilan shug‘ullanadigan top 5 ta davlat:

  • AQSh;
  • Yangi Zelandiya;
  • Norvegiya;
  • Kanada;
  • Avstraliya.

Bu davlatlarda volontyorlar iqlim muammolari sabab vujudga kelgan vaziyatlarda qatnashishdan tortib, o‘zlaridagi malaka va bilimni boshqalarga ko‘ngilli tarzda o‘rgatish kabilarda ham ishtirok etadi. Shuningdek, ular xalqaro volontyorlik loyihalarida ham qatnashadi.

Qaysi yo‘nalishlarda volontyorlik qilish mumkin?

Tabiatga g‘amxo‘rlik – bu yo‘nalishda turli ishlar qilish mumkin: atrof-muhitni ko‘ngilli bo‘lib tozalash, dehqon xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlarni saralashga yordamlashish, tabiatni asrashga oid turli loyihalar targ‘iboti bilan shug‘ullanish, onlayn petitsiyalar yig‘ish, hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilish;

Ijtimoiy sohadagi volontyorlik ishlari. Bu sohada ham ishlar juda ko‘p: bolalarga mentorlik qilish, odamlarni ko‘ngilli tarzda o‘qitish, kichik bizneslar rivojlanishiga beg‘araz yordam berish, gender tengligi yo‘nalishida yolg‘iz onalar uchun xayriyalar qilish, yordamga muhtoj ayollarga ko‘maklashish, ularga yordam beruvchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash.

O‘zbekistonda-chi?

O‘zbek xalqi ham tabiatan boshqalarga yordam berish, ko‘ngilli bo‘lishga moyil.

Buni 2020 yilda Sardoba suv omborida texnogen ofat ro‘y berganda odamlarning ko‘ngilli tarzda sirdaryoliklarga mablag‘ va kerakli buyumlarni yig‘gani misolida ham ko‘rish mumkin edi.

Toshqin bo‘lgan hududda mingga yaqin yoshlar ko‘ngilli tarzda ishlagani haqida ham ma’lumot berilgandi.

Sardobaliklar uchun san’atkorlar boshlagan xayriya aksiyasi, 2020 yil.

Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasi davrida ham turli ko‘ngilli loyihalar, xayriya yordamlari tashkil qilingandi.

Pandemiya davrida “Saxovat va ko‘mak” xayriya jamg‘armasi, hududlarda volontyorlik markazlari tashkil etilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda odamlarning o‘z tashabbuslari bilan tashkil qilingan volontyorlik loyihalari ham mavjud. Masalan, “Baxt ulash” ko‘ngillilar jamoasi turli tadbirlar: daraxt ekish, obodonlashtirish xodimlariga zaruriy vositalar tarqatish kabi loyihalar tashkillashtiradi. Bunda kerakli mablag‘ ko‘ngilli tarzda yig‘iladi va tadbirdagi ishlarni volontyorlarning o‘zlari bajaradi.

“Baxt ulash” volontyorlar jamoasi

Qonunchilikda volontyorlarga e’tibor bormi?

“Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun mavjud bo‘lib, unda o‘n sakkiz yoshga to‘lgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini, basharti bu faoliyat ularning sog‘lig‘iga hamda axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazmasa va o‘quv jarayonini buzmasa, amalga oshirishi mumkin.

Qonunda volontyorlarning huquq va majburiyatlari, faoliyatiga oid tartiblar belgilangan. Sohadagi maxsus vakolatli organ esa Yoshlar ishlari agentligi hisoblanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi ham mavjud bo‘lib, tashkilot saytida ko‘rsatilgan ma’lumotga ko‘ra, jami 3,4 ming volontyor ro‘yxatdan o‘tgan.

Mavzuga oid