Jahon | 18:30 / 29.09.2023
11243
4 daqiqa o‘qiladi

Pokistondagi masjidlarda ikkita kuchli portlash: o‘nlab kishilar halok bo‘lgan

Pokistonning ikki viloyatidagi masjidlarda ro‘y bergan portlashlar oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi. Birinchi portlash Belujistonda sodir etilgan, bu yerda 52 kishi halok bo‘lib, kamida yuz kishi jarohatlangan. Peshavor shahri chekkasidagi masjidda sodir etilgan hujumdan keyin 5 kishi halok bo‘lgan, yana 40 kishi xarobalar ostida qolib ketgani aytilmoqda.

Foto: AFP

Belujiston rasmiylari masjid hududidagi portlash xudkush tomonidan sodir etilganini xabar qilingan, terrorchi masjid atrofiga qo‘yilgan politsiya avtomobili yonida o‘zini portlatib yuborgan.

Masjidda payg‘ambar Muhammad (s.a.v) tug‘ilgan kunini nishonlash uchun yig‘ilgan dindorlar ushbu hujum nishoniga aylangan. Qurbonlar orasida politsiya zobitlari ham bor.

Hozircha bu portlash uchun javobgarlikni hech bir tashkilot o‘z zimmasiga olmagan, ammo bungacha Belujistonda tez-tez Pokistondagi «Tolibon» va IShID radikal guruhlari tomonidan hujumlar amalga oshirilgan.

Bunday hujumlarning so‘nggisi sentabr oyi boshida ro‘y bergandi. O‘shanda portlash oqibatida 11 kishi yaralangan, jumladan mahalliy diniy rahnamolar ham.

Belujiston – Pokistonning eng yirik viloyati bo‘lib, Afg‘oniston va Eron bilan chegaradosh.

Peshavor yaqinida sodir etilgan ikkinchi portlash haqida hozircha ma’lumot kam. Hozircha besh kishining o‘limi tasdiqlangan.

Bu yerda qutqaruvchilar qulab tushgan masjid xarobalarida ishlashmoqda. Mahalliy rasmiylar omon qolganlarni topish ehtimoli deyarli yo‘qligini aytishmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bino qulagan mahalda uning ichida juma namoziga kelgan 40 dan ortiq kishi bo‘lgan.

Pokistonda masjidlarga qilingan so‘nggi hujum shu yil yanvariga to‘g‘ri keladi, o‘shanda ham bu Peshavorda ro‘y bergandi. O‘shanda xudkush terrorchi sodir etgan terakt 100 kishi hayotiga zomin bo‘lgandi.

Portlashlarning yangi seriyasi Pokiston hukumati 2024 yil yanvariga belgilangan umummilliy saylovlar arafasida xavfsizlik choralarini kuchaytirishga urinishi fonida ro‘y bermoqda.

Iyul oyi oxirida saylovoldi mitinglaridan biri vaqtida portlash oqibatida 40 dan ortiq kishi halok bo‘lgandi.

Kuzatuvchilar fikricha, ekstremistlar ushbu aksiya uchun shu kunni tanlashi bejiz emas: bu juma payg‘ambar tug‘ilgan kuni munosabati bilan dam olish kuni deb e’lon qilingan va terrorchilar hukumatga xavfsizlik tizimidagi zaiflikni namoyish etishgan.

Pokistondagi «jihodchilar» kimlar?

Belujistonda 100 dan ortiq kishi jarohatlangan, ular regiondagi turli shifoxonalar bo‘ylab taqsimlangan.

Pokistonda mahalliy toliblarning «Tahriq-i-Tolibon Pokiston» guruhi harakat qiladi. Ular Afg‘onistondagi «Tolibon»ga sodiqlik izhor etgan bo‘lsa-da, amalda uning bir qismi sanalmaydi.

Muqaddam ushbu guruh va Islomobod o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv mavjud edi, ammo bu kelishuv buzildi. Natijada guruh harbiylar va politsiyachilarga hujumlarni kuchaytirdi.

Ammo «Tahriq-i-Tolibon» — bu huudda harakatlanayotgan yagona guruh emas.

IShID ham bir necha bor Pokistondagi islomiy partiyalar, ayniqsa JUI-F partiyasini yo‘q qilinishi lozim bo‘lgan dushmani deb e’lon qilgan.

Mavzuga oid