Jamiyat | 11:46 / 03.10.2023
15416
7 daqiqa o‘qiladi

«Dahriyning ibodati» – asl insoniylik aks etgan hikoya

Yo‘qchilik insonni har ko‘yga solishi mumkin. Ajoyib rejalar, yurakda toshib turgan istaklar, balqiyotgan iste’dodlar aksar hollarda shu yo‘qchilik sabab barham topadi. Qanchadan qancha imkoniyatlar moddiy yetishmovchilik tufayli chippakka chiqadi. Bu hayotning shafqatsiz haqiqatlaridan biridir. 

Ilm-fan uchun foyda keltiradigan aqllarni dalada ketmon chopishga yoki qurilishga sarf bo‘lishga majbur qiladigan omil ham yo‘qchilik. Ammo Onore de Balzakning «Dahriyning ibodati» hikoyasidagi Deplenning ilmga intilishi, tibbiyot borasidagi iste’dodi saqlab qolindi. Yo‘qchilik changalida qolgan yigitga yordam qo‘llari cho‘zildi va Deplen mohir shifokor bo‘lib yetishdi.

Syujyet:

Hammaning tiliga tushgan, o‘z kasbining mohir mutaxassisi bo‘lgan Deplen dahriy edi. U umuman Xudoga ishonmas, uning borligini tan olmasdi. Uning do‘sti va yaqin shogirdi Byanshon bir kuni ustozini ibodatxonada ko‘rib qoladi. Deplenning dahriyligini hamma bilardi. O‘zi buni hech qachon inkor etgan emas. Byanshon ustozidan ibodatxonada nima qilayotganini so‘rolmadi. Oradan yillar o‘tib so‘rashga jur’at etdi. Deplen unga ibodatxonaga borish sababini gapirib beradi.

Bo‘lajak shifokor tibbiyot bo‘yicha tayyorlanib yurgan vaqtlari juda qiyinchilik bilan hayot kechirar edi. Har bir tiyin pulini o‘ylab xarjlashga, har kuni qotgan non yeyishga, abgor kiyim-boshda yurishga majbur edi. Ijara uchun to‘lashga puli qolmagan, ko‘chaga haydalish arafasida turgan chog‘ida Burja ismli qo‘shni xonada yashovchi kishi yigitchaga homiylik qiladi.

Doplen va Burja birga yashay boshlaydi. Burjaning yagona orzusi ot va suv tashiydigan bochka olish edi. Bu uchun u anchadan beri pul yig‘ardi. Shu pullarini o‘ylab o‘tirmay Deplenning o‘qishi uchun sarflab yubordi. Burja yigitchaga puldan yordam berish bilan birga, uning barcha maishiy yumushlarinida bajarardi. Umuman olganda, cho‘ridek xizmatida bo‘lardi. Uning barcha xizmati mutlaqo beminnat edi.

Burja kutgan kunlar yetib keldi. Deplen zo‘r shifokor bo‘lib yetishdi. Tutingan otasiga suv bochka va ot ham sovg‘a qildi. Ammo Burja birdan kasal bo‘lib qoldi. Deplen uning hayotini 2 yilga saqlab qololdi, biroq kasallik huruj qilib, Burja vafot etdi. 

Deplen doim Burjaning mehnatlariga yarasha javob qaytarolmaganidan o‘kindi. Tutungan otasi dindor edi. Bibi Maryamni qattiq sevardi. Shu sababdan ham yillar davomida yiliga to‘rt marta ibodatxonaga borib, Burja uchun chin dildan duo qilishni odatga aylantirgandi…

Tahlil:

Deplenda ham qashshoqlik sabab orzulariga yetolmaslik xavfi bor edi. Ammo taqdir unga «najot farishtasi»ni yubordi. Bu «farishta»da na qanotlar, na harir libos va na oltin tayoqcha bor. Unda faqat soatiga ikki su* kira haqi berish sharti bilan ijaraga olgan aravachagina bor. Bu Burja ismli Deplenning xaloskori faqat bir narsani: suv tashiydigan bochka va otni orzu qilardi. Burja shu arzimas ko‘ringan, ammo o‘zi uchun qadrli bo‘lgan orzusidan Deplenning kelajagi uchun kechdi. Bir so‘z bilan aytganda, yosh talabaga homiylik qildi. 

Mehnatlari samarasini ko‘ray, og‘zi oshga yetdi degan paytda Burja kasallandi. Deplen, garchi, zo‘r shifokor bo‘lsa-da, Burja uchun hamma ishni qilsa-da, otasidek bo‘lib qolgan qadrdonini saqlab qololmadi. Taqdir o‘z ishini qildi. Deplen qarzlarini uzolmaganligidan o‘tda yonardi va bu qarzdan qanday bo‘lmasin qutulish yo‘llarini qidira boshladi. Topdi. Duo! Haqqiga duo o‘qish kerak. Axir, Burja chin nasroniy edi. Jannatga kirishni orzu qilardi. Ammo bir muammo bor. Deplen dahriy-ku! Shunday bo‘lsa ham Deplen ibodatxonaga bordi. Ibodat qildi. Buni shunchaki emas, balki chin dildan bajardi. Chunki uning yuragi tubida hatto o‘zi sezmagan, anglamagan ishonch-e’tiqod bor edi. Aqli inkor etsa-da qalbi Xudoga moyil. Agar shu moyillik bo‘lmaganda hech qanday kuch uni ibodatxonaga yetaklab kelolmasdi, ibodat qilishga majburlolmasdi. 

Burja bunga bir sababchi xolos. Dahriy qachon Xudoga ishonishini qisman anglaydi? Qachonki ojiz qolsa! Deplen ham qattiq harakat qildi, biroq Burja baribir o‘lib qoldi. Shunda Deplen aqlan inkor etsa ham tan olmagan holatda ojizligiga qalban iqror bo‘ldi. Hikoyada bu iqrori ibodati orqali ko‘rsatib berilgan. Tolstoyning «Iqrornoma»sida: «Inson qalbida butkul bo‘shliq bo‘lmaydi. Biz insonlar nimanidir istayveramiz, nimanidir izlayveramiz, nimagadir intilaveramiz. Shu paytgacha bu narsa nimaligiga javob izladim. Topdim. Bu Xudo!» qabilidagi fikrlar aytilgan. Xuddi shu kabi butkul dahriylik mavjud emas.

Burja garchi boy bo‘lmasa-da, ortib ketgan joyi yo‘qligiga qaramasdan ilm ahliga qo‘lidan kelgancha yordam ko‘rsatdi. Bu chinakam ilmparvarlik edi. Vaholanki, moliyaviy jihatdan o‘ta yaxshi odamlarning uncha-munchasi u jur’at qilgan jasoratga qodir emas. Zero ilm ahliga yordam berish, eng avvalo, insoniylikning asl belgisi hisoblanadi…

Deplen ham chinakam vijdonli shaxs edi. Uning e’tiqodi, uning Xudosi va din bo‘yicha qonun-qoidasi yo‘q edi. Ammo unda asl insoniylik prinsiplari to‘la mavjuddir. O‘ziga qilingan yaxshilikni unutmaslik, bu yo‘lda har narsaga tayyor bo‘lish ham hammaning qo‘lidan kelavermaydi…

Gulasal Qodirova, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid