Makkarti AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri lavozimidan chetlatildi
Respublikachi Mett Gets tashabbusi bilan o‘tkazilgan ovoz berish natijasida uning partiyadoshi Kevin Makkarti AQSh Kongressi quyi palatasi spikeri lavozimidan mahrum bo‘ldi.
Respublikachi Kevin Makkarti o‘z partiyasi a’zosi Mett Gets tashabbusi bilan o‘tkazilgan ovoz berishdan so‘ng AQSh Kongressi Vakillar palatasi raisligidan chetlashtirildi. 3 oktyabr, seshanba kuni kongressmenlarning 216 nafari tegishli rezolyutsiyani yoqlab chiqdi, 210 nafari esa qarshi bo‘ldi.
«Bu janob Makkarti va o‘ta o‘ngchi respublikachilar fraksiyasi a’zolari o‘rtasidagi kuchli kurashning cho‘qqisi bo‘ldi, ular yanvar oyida uni spikerlik lavozimini egallashiga to‘sqinlik qilishga urindi va shundan beri hukumatni saqlab qolish borasidagi sa’y-harakatlariga putur yetkazish maqsadida uni qiynashdi» - deb yozgan The New York Times.
Respublikachi Patrik Makhenri spiker sifatida ishlaydi
Respublikachi Patrik Makhenri Vakillar palatasining yangi spikeri saylanmaguncha Vakillar palatasi spikeri sifatida ishlaydi. Ommaviy axborot vositalari esga olishicha, Makkarti 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlardan keyin qabul qilingan qoidalarga muvofiq, kutilmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda ushbu lavozimdagi o‘zining vorislari maxfiy ro‘yxatini tuzgan va Makhenri bu borada birinchi o‘rinni egallagan.
AQShning vaqtinchalik budjeti bo‘yicha bahs
30 sentabr kuni AQSh Kongressi federal hukumat ishi to‘xtatilishining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik budjet loyihasini ma’qulladi. Kevin Makkarti tomonidan taklif etilgan va 17 noyabrgacha bo‘lgan muddatga mo‘ljallangan budjet loyihasi davlat idoralari faoliyati, shuningdek, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish xarajatlari o‘z ichiga oladi, biroq Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ kiritilmagan.
Ushbu hujjatning qabul qilinishi Makkartining nafaqat partiyadoshlari, balki ba’zi demokratlarning ham ovozini olishga muvaffaq bo‘lgani tufayli amalga oshdi. Shu fonda Gets Vakillar palatasi spikerini Respublikachilar partiyasi manfaatlarini himoya qilish o‘rniga AQSh prezidenti, demokrat Jo Baydenni qo‘llab-quvvatlayotganlikda aybladi.
Kuzatuvchilar ta’kidlaganidek, Vakillar palatasi spikerining bo‘sh qolgan kursisi Makkartining vorisi saylanmaguncha uning ishini deyarli falaj qiladi. Shu bilan birga, Kongressda navbatdagi shatdaunning oldini olish uchun 40 kundan sal ko‘proq vaqt qolgani hisobga olinsa, spikerni saylash juda qiyin bo‘lishi mumkin.
Vakillar palatasi tarixida spikerni lavozimidan chetlashtirish uchun bor-yo‘g‘i uchta talab qo‘yilgan. Bunday masala bo‘yicha ovoz berish faqat bir marta bo‘lib o‘tgan: 1910 yilda respublikachilar palataning o‘sha paytdagi spikeri Jozef Kennonni lavozimidan chetlatishga harakat qilgan. U ovoz berish natijalariga ko‘ra o‘z lavozimini saqlab qolgan, ammo pozitsiyasi zaiflashgan.
Mavzuga oid
19:00 / 25.12.2024
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
18:52 / 25.12.2024
Tramp o‘lim jazosini qo‘llashda qat’iyat bilan davom etishini aytdi
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024