Jahon | 15:58 / 09.10.2023
80197
6 daqiqa o‘qiladi

HAMAS qanday tashkilot? Urushning tugashi nimaga bog‘liq?

Mana 76 yildirki, Yaqin Sharqda tinchlik yo‘q. Bir vaqtlar emin-erkin yashagan Falastin aholisining yerlari bugun deyarli to‘liq egallangan. Isroil 1967 yilgi chegaralarga qaytishni, Falastin davlatiga imkon berishni istamayapti. Natijada, Yaqin Sharqda, qolaversa, kollektiv g‘arb va musulmon dunyosi o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga katta zarar yetmoqda.

Falastin–Isroil mojarosi 76 yillik tarixga ega. Isroil – yosh davlat, u 1947 yilda tashkil topgan. Unga qadar, taxminan ikki ming yil atrofida, mavjud bo‘lmagan. Yahudiylarning qadimgi davlatlari yo‘q bo‘lib ketishiga yahudiylarning ichki nizolari va o‘sha davrda yangi din hisoblangan xristianlik asosiy sabablar bo‘lgan.

1945 yilda, Gitler Germaniyasi yiqitilgach, dunyo hamjamiyatida yahudiylarga nisbatan global achinish hissi juda kuchli bo‘ladi. 1945 yilda yangi tashkil qilingan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, o‘zining eng birinchi katta ishi sifatida, yahudiylar uchun Isroil davlatini tashkil qilishga kirishadi. BMT qarorlariga ko‘ra, o‘sha davrdagi Falastin yerlarini ikkiga bo‘lib, yerlarning taxminan 55 foizini yahudiylarga berish, qolgan 45 foizini falastinliklarga qoldirishga kelishilgan.

Lekin, Isroil davlati o‘sha berilgan yerlar bilan cheklanish niyati yo‘qligini ko‘rsatadi. Maqsad – Falastin davlati yerlarini to‘liq o‘zlashtirish, Falastin degan davlatni yo‘q qilish edi. Bu loyihaga arab va musulmon davlatlari qarshi chiqishadi. Lekin, Isroilning orqasida turgan kollektiv g‘arb, avvalo AQSh, Angliya va Fransiya imkoniyatlari ustunlik qiladi.

1970 yillarga qadar, Falastin davlati va uning manfaatlari uchun asosan arab davlatlari kurashadi. Sezilarni natija bo‘lmagach, arab jamiyatlari va xalqlari juda tushkun ahvolga keladi. Tashabbusni, “arab ko‘chasi” – oddiy odamlar, ularning uyushma va tashkilotlari qo‘lga ola boshlaydi. Aynan 1970 yillar oxirlariga kelib, yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorin kabi, jangari guruhlar tuzila boshlaydi. Bu guruhlar, har xil metodlar orqali, jumladan, jangari usullar bilan ham, Isroilga qarshi kurashadi, Falastin yerlarini ozod etishga harakat qiladi.

1982 yilda, Livanda shialarning “Hizbulloh” guruhi tuziladi. 1987 yilga kelib esa HAMAS tuziladi. HAMAS – so‘zi abbreviatura bo‘lib, “Islomiy qarshilik xarakati”ning qisqartmasi hisoblanadi.

Boshqa jangari guruhlar qatori, HAMASning ham ikki qanoti mavjud. Siyosiy qanot tashkilotning moliyaviy ishlari, tashqi aloqalar, mafkura kabi masalalari bilan shug‘ullanadi. Harbiy qanot esa, Isroilga qarshi harbiy operatsiyalar o‘tkazish, harbiy tayyorgarlik kabi ishlar bilan band bo‘ladi.

HAMAS borasida, dunyo davlatlari uchga bo‘linadi. Isroildan tashqari, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Kanada, Yaponiya kabi davlatlar “terroristik tashkilot” deb e’tirof etadi. Eron, Qatar, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Islom hamkorlik tashkiloti, Shveytsariya va boshqa ko‘plab davlatlar HAMASni “terroristik” deb tan olmaydi. Arab va musulmon davlatlarining mutlaq ko‘pchiligi, HAMASni “Isroilning noqonuniy harakatlariga qarshi, Falastin manfaatlari uchun kurashayotgan tashkilot” sifatida e’tirof etadi. Uchinchi davlatlar ham borki, ular HAMASning faqat harbiy qanotini “terrorchi” deb biladi, misol uchun, Birlashgan Qirollik.

Saudiya Arabistoni HAMASni “terrorchi” deb aytmaydi, lekin aloqalari ham yaxshi emas. Chunki HAMAS Eron va Qatarning loyihasi sifatida ko‘riladi, bu esa Saudiyaga yoqmaydi. Saudiya 2014 yilda Musulmon birodarlari tashkilotini “terrorchi” tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan edi, o‘shanda ba’zi saudiyalik siyosatchilar, bilvosita “HAMAS – Musulmon birodarlari tashkilotining filiali” degan ma’noda, salbiy munosabat bildirishadi.

HAMASning harbiy qanotidagi jangarilar soni, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 10-12 ming kishi ekani aytiladi.

HAMASning Isroilga 7 oktyabr kuni boshlangan hujumi mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni taranglashtirdi. HAMASning hujumi Isroilning maqtalgan mudofaa tizimiga katta savollarni uyg‘otdi, Isroil razvedkasi ham odamlar tasavvur qilgan darajada mukammal emasligi ma’lum bo‘ldi.

HAMASning bu operatsiyasi quyidagi geosiyosiy vazifalarni ko‘zlashi mumkin:

  • Isroil va Saudiya dialogi, ularning o‘zaro diplomatik aloqalar o‘rnatishi HAMAS, unga tarafdor bo‘lgan davlatlar, avvalo Eronning manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi;
  • Garchi Isroil bilan barcha arab davlatlarining aloqalari normal bo‘lganda ham, Falastin davlati tuzilmas ekan, bu Isroilga yordam bermaydi – tinchlik va barqarorlikka erishilmaydi;
  • Isroil, tinchlik va barqarorlikka erishish uchun, Falastin davlatini 1967 yilgi chegaralarda tashkil topishiga rozi bo‘lishdan boshqa chorasi yo‘q...

Haqiqatda ham, Falastin muammosi, nafaqat global arab ko‘chasida, balki salkam ikki milliardlik musulmon dunyosida ham tarixiy adolatsizlik sifatida qabul qilinadi.

Bu g‘arb uchun ham o‘ta noqulay va qimmatga tushayotgan mummoga aylanib bo‘lgan. Asosiy masala – Isroil davlatining injiq va tajovuzkor rahbariyati bo‘lib, uni Falastin davlatiga yon berishga ko‘ndirib bo‘lmayapti.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid