O‘zbekiston | 20:23 / 09.10.2023
6939
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va YUNISEF o‘rtasidagi hamkorlikning muhim jihatlari ko‘rib chiqildi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 9 oktyabr kuni O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan BMT Bolalar jamg‘armasining (YUNISEF) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis bilan uchrashdi. 

Foto: senat.uz

Uchrashuvda O‘zbekiston va YUNISEF o‘rtasidagi hamkorlikning muhim jihatlari ko‘rib chiqildi, aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning BMT institutlari, xususan YUNISEF bilan munosabatlari faollashgani, mamlakatimizda qator yirik qo‘shma tadbir va loyihalar amalga oshirilayotgani, bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar samarasini ta’minlashda tuzilmaning o‘rni alohida ekani qayd etildi. 

Muloqot davomida perinatal salomatlik, bolalar o‘sishi hamda rivojlanishi holatini o‘rganishga oid 2024–2025 yillarda Oziqlanish bo‘yicha ikkinchi milliy tadqiqotni o‘tkazish, bolalarda irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish, shuningdek, bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish borasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi. 

Ta’lim, inklyuziv ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarining huquqiy-institutsional asoslarini takomillashtirish borasida ham fikr almashildi. 

O‘zbekistondagi YUNISEF vakolatxonasi hamkorligida multiindikator klaster kuzatuvlarini (MICS) o‘tkazish qamrovini yanada kengaytirish hamda ushbu tadqiqotga mutasaddi davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini yanada keng jalb qilish yuzasidan sa’y-harakatlarni birlashtirishga kelishildi. Shuningdek, Bola huquqlari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasini ijro etish bo‘yicha milliy harakatlar rejasini yaqin fursatda qabul qilish zaruratiga ham alohida e’tibor qaratildi. 

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning YuNICeF bilan konstruktiv hamda samarali hamkorligini amaliy loyihalar bilan mustahkamlashga kelishib olindi. 

Mavzuga oid