Falastin davlatini tuzish masalasini hal qilmasdan muammoni yechib bo‘lmaydi - Putin
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Falastin-Isroil mojarosi to‘g‘risidagi fikrlarini aytdi.
Vladimir Putin «Rossiya energetika haftaligi» yalpi majlisida Falastin-Isroil mojarosiga to‘xtalib o‘tdi.
«Bo‘layotgan voqea dahshatli. Biz tushunamizki, har ikki tomonning nafrati juda katta. Lekin tinch aholi — ayollar, bolalar, qariyalar o‘rtasidagi yo‘qotishlarni minimallashtirish yoki nolga tushirishga harakat qilish kerak», dedi u.
«Agar erkaklar o‘zaro jang qilishga qaror qilsa, o‘zaro urushaversin. Ayollar va bolalarni tinch qo‘yinglar. Bu har ikki tomonga ham tegishli», deb ta’kidladi Putin.
«Yaqin kelajakda vaziyatni tinchlantirish mumkinmi yoki yo‘qmi - noma’lum, ammo bunga intilish kerak, chunki mojarolar zonasining kengayishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, jumladan, energetika sohasida», dedi u.
Putin Falastin-Isroil mojarosining keskinlashuvida Eronga qarshi ayblovlarni asossiz deb atadi.
«Qo‘shma Shtatlar bitta aviatashuvchi kemani u yerga (O‘rta Yer dengizi tomon) olib borib, ikkinchisi haqida e’lon qilmoqda. Men bundan ma’no ko‘rmayapman. Ular Livanni bombardimon qilmoqchimi? Yoki ular shunchaki kimnidir qo‘rqitishga qaror qildimi? Lekin u yerda shunday odamlar borki, endi hech narsadan qo‘rqmaydilar. Muammoni shu yo‘l bilan hal qilish emas, balki murosa yechimlarini izlash kerak. Endi Eronni har doimgidek dalilsiz barcha gunohlarda ayblashayotganini eshityapmiz. Hech qanday dalil yo‘q», dedi Putin.
Putin fikriga ko‘ra, Falastin davlatini barpo qilish bilan bog‘liq muammo hal qilinmaguncha, mojaroga yechim topilmaydi.
«Asosiysi, poytaxti Sharqiy Quddusda bo‘lgan suveren Falastin davlatini barpo etish bilan bog‘liq bo‘lgan fundamental siyosiy masalalarni hal qilmasdan turib, muammoni umuman yechib bo‘lmaydi» dedi u.
«Bundan tashqari, Isroilning turar joy hududlarini kengaytirish siyosati va boshqa bir qator tadbirlar oxir-oqibat zo‘ravonlikning bunday portlashiga olib keldi. Nima bo‘layotgani dahshatli. Falastin muammosi bu mintaqadagi har bir insonning yuragida va menimcha, islomga e’tiqod qiluvchi har bir insonning qalbida. Hayot shunday rivojlangan, bular ochiq-oydin narsalar», deb qo‘shimcha qildi Putin.
Putinning eslatishicha, dastlab Isroil davlati tashkil etilganda, bir vaqtning o‘zida Falastin davlatini yaratish to‘g‘risida ham qaror qabul qilingan.
«Bizga ma’lumki, Isroil tashkil etilgan, biroq Falastin mustaqil va suveren davlat sifatida hech qachon turli sabablarga ko‘ra tashkil etilmay qolgan. Bundan tashqari, falastinliklar azaldan Falastinniki deb hisoblab kelgan yerlarning bir qismi turli davrlarda Isroil tomonidan bosib olingan. Turli yo‘llar bilan, lekin asosan, albatta, harbiy kuch yordamida», dedi Putin.
Falastin-Isroil mojarosini hal qilishda hozir kuch ishlatish tarafdorlari ustunlik etmoqda, dedi Vladimir Putin.
«Qo‘shma Shtatlarda mustaqil Falastin davlatini yaratish yo‘lidan borish kerak, deb hisoblaydigan ko‘plab siyosiy arboblar va ekspertlar bor, Isroilda ham bor. Lekin, o‘nlab yillar davomida bu muammoni kuch bilan hal qilish kerak deb hisoblaydiganlar ustunlik etmoqda. Afsuski, bu biz hozir ko‘rayotgandek fojiali voqealarga olib keldi», dedi u.
Putinning ta’kidlashicha, Rossiyaning mojaro bo‘yicha pozitsiyasi «bu fojiali voqealar bilan bog‘liq emas, bugungi kunda rivojlanmagan, balki o‘nlab yillar davomida rivojlangan».
«Va bu pozitsiya Isroil tomoniga ham, Falastindagi do‘stlarimizga ham yaxshi ma’lum. Biz doimo BMT Xavfsizlik Kengashi qarorlarini amalga oshirish tarafdori bo‘lib kelganmiz. Men birinchi navbatda mustaqil suveren Falastin davlatini yaratishni nazarda tutyapman. Bu barcha muammolarning ildizi», dedi prezident.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Isroil tomonidan muammoni yanada og‘irlashtirgan omil «turar-joy hududlarini kengaytirish» bo‘lgan. Bundan tashqari, Putinning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlarning mojaro bo‘yicha pozitsiyasi «faqat moddiy xarakterdagi masalalarni» hal qilishdan iborat.
Mavzuga oid
15:59
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi
14:07
Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
16:05 / 24.12.2024