O‘zbekiston | 08:13 / 13.10.2023
5536
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiya O‘zbekistondagi uran va misga qiziqish bildirmoqda 

Chexiya O‘zbekistonning qazilma boyliklariga qiziqmoqda, evaziga ularni qazish va qayta ishlash texnologiyalari, shuningdek, suv resurslarini boshqarish sohasida taklif berishi mumkin. 

Foto: Petr Fiala / X

Chexiya O‘zbekistonning uran va misiga qiziqish bildirmoqda va buning evaziga texnologiya va tog‘-kon uskunalarini taklif qilishi mumkin. Bu haqda Chexiya bosh vaziri Petr Fiala aytib o‘tdi, deb xabar berdi Gazeta.uz chex televideniyesiga tayangan holda. 

«O‘zbekiston mis, oltin, uran va tabiiy gazning katta zaxiralariga ega. Shunday qilib, ushbu xomashyoni qazib olish chex texnologiyalari va uskunalarini yetkazib berish imkoniyatlarini ochadi», — deyiladi Chexiya hukumati bayonotida.

O‘zbekiston bosh vaziri bilan uchrashuvda mudofaa-sanoat sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari ham muhokama qilingan. Petr Fialaning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonga mudofaa va xavfsizlik sanoati vakillaridan iborat chexiyalik ishbilarmonlar delegatsiyasi tashrif buyuradi.

Chexiya bosh vaziri kelgusi yilda Praga va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

Ikki davlat hukumat rahbarlari O‘zbekiston va Chexiya hukumatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzolagan.

Mavzuga oid