Iqtisodiyot | 16:13 / 13.10.2023
27607
2 daqiqa o‘qiladi

Ikki hafta ichida O‘zbekistonda banan narxi 14 foizga oshdi – EastFruit

Oxirgi ikki hafta ichida O‘zbekistonda bananning o‘rtacha ulgurji narxi 14 ming so‘mdan 16 ming so‘mgacha qimmatlashgan. Shunday bo‘lsa-da, ushbu narx 2020-2022 yillarning mos davriga nisbatan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda bananning ulgurji narxi ketma-ket ikkinchi hafta ham oshdi va o‘rtacha narx umumiy hisobda 14 foizga qimmatlashdi. Shunday bo‘lsa-da, hozirgi narxlar o‘tgan yilning mos davrida qayd etilgan darajadan past, deya ta’kidlamoqda EastFruit ekspertlari. 

«2023 yil 22 sentabrdan 6 oktyabrgacha O‘zbekistonda bananning o‘rtacha ulgurji narxi har 1 kg uchun14 000 so‘mdan 16 000 so‘mgacha (1,15 dollardan 1,31 dollargacha) oshdi, bu so‘nggi 5,5 oy ichida ushbu mahsulotlar narxining birinchi sezilarli o‘sishi bo‘ldi. Aprel oyining uchinchi o‘n kunligidan joriy yilning iyun oyi oxirigacha bananning ulgurji narxi barqaror ravishda pasayib bordi, keyin sentabr oyining ikkinchi o‘n kunligining oxirigacha o‘rtacha narx deyarli bir xil darajada saqlanib qoldi», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mamlakatdagi ulgurji banan narxi o‘tgan yillardagi darajadan pastligicha qolmoqda. Xususan, 2023 yil 6 oktyabr holatiga ko‘ra, ushbu mahsulotning o‘rtacha ulgurji narxi 2020-2022 yillarning shu sanasida qayd etilgan darajaga nisbatan eng past ko‘rsatkichni tashkil qilgan.

Avvalroq, 2023 yil aprel-iyun oylarida O‘zbekistonga 37,9 ming tonna banan import qilingani, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 63 foizga, 2021 yilning mos davriga nisbatan esa 2,8 barobarga ko‘p ekani xabar qilingandi.

Mavzuga oid