O‘zbekiston | 19:30 / 14.10.2023
12459
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Shayxontohur tumanidagi issiqlik markazini ko‘zdan kechirdi

Shavkat Mirziyoyev «Toshkent issiqlik markazi» korxonasining Shayxontohur tumanidagi 3-son issiqlik markazini borib ko‘rdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd qilinishicha, majmua 1972 yilda qurilgan, 5 ta qozonxona umumiy qiymati 400 Gkal quvvatga ega, 491 ta ko‘pqavatli uy, 150 dan ortiq ijtimoiy soha muassasalariga issiqlik yetkazib beradi.

Joriy yilda issiqlik markazida muqobil yoqilg‘idan foydalanish imkoni yaratildi. Xususan, mazut xo‘jaligi qurilib, qozonlarning ikkitasi aralash shaklda – gaz va mazutda ishlashga moslashtirildi. Barcha qozonxonalar ta’mirlandi. Shuningdek, gaz bosimini ta’minlash maqsadida inshootga 4,6 kilometr alohida quvur tortildi.

Ta’kidlanishicha, endi kuz-qish mavsumida iste’molchilarni issiqlik bilan uzluksiz ta’minlash imkoni yaratildi. Xususan, tarmoq 30 daraja sovuq haroratgacha barqaror ishlaydi. Bunday paytlarda zaxiralangan mazutdan foydalaniladi. Quvurlar izolyatsiyasi mustahkamlangani uchun issiqlik yo‘qotilishi kamaygan. Aholiga 65 darajadan kam bo‘lmagan issiqlik yetkazib beriladi. Xuddi shu tartibda yana bir - 5-son issiqlik markazi ham modernizatsiya qilingan.

- Ochig‘i, uzoq yillar davomida bu tizimga e’tibor bo‘lmagan. Issiqlik korxonalari eski resursda, eskicha uslubda ishlab kelgan. Lekin olingan issiqlik sarflangan xarajatga nisbatan o‘zini oqlamadi. Bundan odamlar ham rozi bo‘lmadi, korxonalar ham manfaat topmadi. O‘tgan yilgi sinovdan va imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilayapmiz. Endi issiqlikni saqlash va tejash choralarini ko‘rish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid