Jahon | 14:33 / 16.10.2023
5866
2 daqiqa o‘qiladi

Bishkekda Xalqaro turkiy xabarlar kanalini tuzish masalasi muhokama qilindi

Qirg‘iziston poytaxtida Turkiy davlatlar tashkilotining OAV va axborot masalalari bo‘yicha ishchi guruhi 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Anadolu Agency

Bishkekda Turkiy davlatlar tashkilotining OAV va axborot masalalari bo‘yicha ishchi guruhi 10-yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda Qirg‘iziston Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi, deya xabar beradi «Kabar».

Uchrashuvda Turkiy tillar axborot agentliklari ittifoqi va Xalqaro turkiy xabarlar kanalini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Ishtirokchilar, shuningdek, Qirg‘iziston tomonidan tayyorlangan Turkiy davlatlar tashkiloti Jurnalistlari uyushmasi nizomi loyihasi yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi, 2023–2024 yillarga mo‘ljallangan harakat dasturiga bo‘yicha takliflar berdi hamda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan bo‘lajak 2-Xalqaro media-forumni muhokama qildi.

«Ushbu guruh ishining asosiy natijalaridan biri T-BRAF (Turkiy davlatlar teleradiodasturlarni tartibga soluvchi organlari) ta’sis yig‘ilishi dasturi loyihasi, T-BRAF nizomi va qo‘shma deklaratsiya loyihalarini ko‘rib chiqish bo‘ldi. Muhokamalar natijalariga ko‘ra T-BRAF ta’sis yig‘ilishini 2023 yil 9 noyabr kuni Istanbul shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan», — deyiladi idora ma’lumotida. 

Mahalliy ommaviy axborot vositalari ishtirokidagi ishchi guruh yig‘ilishining ikkinchi qismida «GPT-chat misolida sun’iy intellektning afzalliklari va kamchiliklari» va «Gibrid urushlar 21-asr xavfsizligiga tahdid sifatida» mavzularida dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

Mavzuga oid