O‘zbekiston | 10:28 / 17.10.2023
17088
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘lda soliq inspeksiyasi xodimi pora bilan qo‘lga olindi 

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida korrupsion holatlarga chek qo‘ydi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tuman Soliq inspeksiyasi katta inspektori hamda Yangiyo‘l shahar Soliq inspeksiyasi shu’ba boshlig‘i o‘zaro til biriktirib, tadbirkorlik sub’yekti faoliyatida aniqlangan soliq qarzdorligini uning foydasiga hal qilib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Yangiyo‘l tuman Soliq inspeksiyasi katta inspektori so‘ralgan pul mablag‘idan 4500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi xodimi qizilmiya ildizini qayta ishlashga ixtisoslashgan xususiy korxonada sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida vafot etgan 2 nafar ishchining shartnoma asosida qonuniy ishlaganliklari haqida xulosa berish evaziga 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

 

Mavzuga oid