Jahon | 07:52 / 18.10.2023
25270
4 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi shifoxonaga zarba: BMT va YeI reaksiyasi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish Al-Ahli kasalxonasiga qilingan hujumni «eng kuchli tarzda» qoraladi. Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel hujumni xalqaro huquqning buzilishi deb atadi. 

Foto: AP / Mohammed Dahman

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish Al-Ahli kasalxonasiga qilingan hujumni «eng kuchli tarzda» qoraladi. «G‘azo sektoridagi shifoxonaga bugun uyushtirilgan hujum natijasida yuzlab falastinlik tinch aholining o‘limi meni shokka tushirdi», deb yozgan Guterrish X mikroblogida. U, shuningdek, «kasalxonalar va tibbiyot xodimlari xalqaro humanitar huquq bilan himoyalanganini» ta’kidladi. 

Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel G‘azo sektoridagi Al-Ahli kasalxonasiga uyushtirilgan hujumni xalqaro huquqning buzilishi deb atadi. «Fuqarolik infratuzilmasiga hujum xalqaro huquqqa mos kelmaydi», dedi u Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar rahbarlarining videokonferensiyasidan so‘ng. Bu haqda 17 oktyabr, seshanba kuni AFP xabar berdi. 

«Fuqarolik obektlari, ayniqsa, agar u bemorlar va tibbiyot xodimlari bilan to‘liq ishlaydigan kasalxona bo‘lsa, hech qanday holatda hujumga uchramasligi kerak», deyiladi Germaniya TIVning ingliz tilidagi X (sobiq Twitter) mikroblogida e’lon qilingan bayonotda. «G‘azo sektoridagi Al-Ahli kasalxonasida yuzlab odamlarning o‘limi haqidagi xabarlar bizni qattiq shokka tushirdi», deyiladi xabarda. 

Kasalxonaga va tinch aholiga hujumni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi, deb yozdi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron X’da kasalxona majmuasiga qilingan hujumni qoralab. U «kechikmasdan» G‘azo sektoriga gumanitar koridor ochishga va bu zarba bo‘yicha barcha tafsilotlarni aniqlashtirishga chaqirdi. 

Musulmon davlatlarda norozilik namoyishlari 

Iordaniya, Livan, Tunis, Marokash, Iroq, Liviya Tripolisi, shuningdek, Turkiyaning Istanbul shahrida 17 oktyabr kuni kechqurun va 18 oktyabrga o‘tar kechasi kasalxonaga qilingan hujum munosabati bilan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuzlab odamlar zarba qurboniga aylangan.

Iordaniya poytaxti Ammanda 17 oktyabr oqshomida yuzlab namoyishchilar Isroil elchixonasiga kirishga uringan, deb xabar beradi Petra Iordaniya axborot agentligi. Shu bilan birga, Iordaniya razvedka xizmatlaridagi manbalar binoga bostirib kirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Ular namoyishchilar olib chiqilganini aytdi.

Ommaviy norozilik namoyishlari Livan poytaxti Bayrutda ham bo‘lib o‘tdi. Janubdagi chekka hududlarda Eron qo‘llab-quvvatlagan Livanning «Hizbulloh» harakati tarafdorlari ko‘chalarga chiqib, «g‘azab kuni»ga chaqirdi. Boshqa namoyishchilar Bayrutdagi AQSh va Fransiya elchixonalari yonida to‘plandi, deya xabar beradi dpa. 

Tunis poytaxtida ham yuzlab namoyishchilar ko‘chalarga chiqib, Fransiya elchixonasi oldida to‘plandi, deya xabar bermoqda TAP davlat axborot agentligi. Namoyishlar Ramalloh va Falastin milliy ma’muriyatiga qarashli boshqa shaharlarda, Marokash, Iroq va Liviya Tripolisida ham bo‘lib o‘tdi. 

Istanbulda o‘nlab namoyishchilar Isroil konsulligi oldida to‘planib, ba’zilari Falastin bayroqlarini ko‘tarib, Isroilga qarshi shiorlar aytdi, deb xabar bermoqda Anadolu agentligi. Eron poytaxti Tehronda ham Isroilga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. 

Mavzuga oid