Geosiyosiy shaxmat taxtasida – Venesuela
Shu kunlarda AQSh Venesuelaga 2019 yildan boshlab joriy qilgan sanksiyalarining ba’zilarini yumshatishi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, bu davlatning neft sotishdagi cheklab qo‘yilgan huquqi astalik bilan qaytarilmoqda. Bu – AQShning Rossiya va Xitoyga nisbatan olib borayotgan siyosati bilan bog‘liq.
Venesuela – Janubiy Amerikaning shimoliy sohilida joylashgan davlat, aholisi salkam 30 millionni tashkil qiladi. Dunyoda neftga eng boy davlat – Venesuela. 2018 yilda o‘lchangan Venesuelaning neft zaxirasi – taxminan 300 milliard barreldan oshadi, dunyo zaxirasining 17 foizini tashkil qiladi va bu bilan Venesuela Saudiya Arabistoni va Rossiya Federatsiyasidan oldinda turadi.
Shunday bo‘lsa-da, Venesuela keyingi yillarda dunyo bozoriga emin-erkin neft sota olmadi. Sababi – AQSh boshchiligidagi kollektiv g‘arb sanksiyalari. Venesuela – avtoritar davlat, u Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi kabi global aksil-g‘arb davlatlari bilan yaxshi aloqada bo‘lib keldi.
Venesuelada oxirgi prezidentlik saylovlari 2018 yilda bo‘lib o‘tdi. Bu saylov Lotin Amerikasidagi aksariyat davlatlar va demokratik g‘arb davlatlari tomonidan tan olinmadi, qattiq tanqid qilindi. Natijada nolegitim saylovlar sababli AQSh va boshqa ko‘plab davlatlar Venesuelaga qarshi sanksiyalar joriy qildi.
Lekin Rossiyaning Ukrainaga urushi ortidan, Vashington Venesuela bilan kelishuv yo‘llarini izlay boshladi. Dunyo iqtisodiyotining qon tomiri, kuch-quvvati – neft va gaz hisoblanadi. Global qudrat, neft narxi va hajmlarini nazorat qilish bilan chambarchas bog‘liq.
Rossiya keyingi yigirma yilda birinchi uchtalikka kiruvchi neft va gaz sotuvchi davlat bo‘ldi. Ukrainaga hujumi ortidan, Rossiya neft va gaziga embargo – cheklovlar joriy qilindi. Sanksiyalar qo‘llandi.
Dunyo bozorida neft va gaz hajmi ma’lum miqdordan kamroq bo‘lsa, narxlar oshib ketadi. Energetika narxlari oshishi barcha tovarlar va xizmatlar narxiga ta’sir qiladi. Chunki transport va sanoat ishlab chiqarishining deyarli barchasi neft va gazga bog‘liq.
Demak, nega Venesuela bilan kelishilmoqda? Birinchidan, shu yilning dekabr oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalar to‘plamini joriy etmoqchi. Bu sanksiyalar Rossiyaning neft va gaz sotish imkoniyatlariga qarshi qo‘llanishi kutilmoqda.
Ikkinchidan, dunyodagi eng katta neft yetkazib beruvchi mintaqa bo‘lmish Yaqin Sharq ham notinch. Saudiya Arabistoni AQShdan biroz uzoqlashmoqda, “global janub”ga qo‘shilmoqda. 7 oktyabr kuni yana avj olgan Isroil-Falastin mojarosi mintaqadagi vaziyatni o‘ta keskinlashtirdi. Isroilning agressiv harbiy amaliyotlari odatda arab davlatlarining g‘arbga, AQShga munosabatini doim ozmi-ko‘pmi sovitadi. Sababi Isroil AQSh himoyasida, Falastinga nisbatan esa g‘arbda xolislik yo‘q. Bu safar ham, arab davlatlari Vashingtonning biryoqlama siyosatidan norozi. Bu norozilik neft va gaz yetkazib berish hajmi va narxlarini beqarorlashtiradi. Yaqin Sharq 1973 yildagi kabi neft embargosi qilish niyatida emas. Lekin agar Yaqin Sharqdagi vaziyat yanada keskinlashsa va arab davlatlarining Isroildan noroziligi oshsa, bu neft siyosatiga ham ta’sir qiladi.
Ukraina urushi fonida Rossiya neftiga qarshi sanksiyalar qo‘llab, AQSh o‘zining strategik rezervlarini ishlatishga majbur bo‘lmoqda. Hali-beri Rossiya-Ukraina urushi tugamaydi. Demak, yaqin orada Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalar kuchaysa kuchayadi, kamaymaydi. Eron bilan to‘liq yarashilgani yo‘q. Bu – uzoq jarayon. Bu yoqda Isroil-Falastin urushi boshlandi.
Geosiyosatda prioritetlar bo‘ladi. AQSh uchun, Venesuelani jazolashdan ko‘ra, Rossiyani holsizlantirish va Isroilga homiylik qilish muhimroq. Shu sabab Venesuela bilan kelishish va uning neftini g‘arb bozoriga olib chiqish geosiyosiy qiymat jihatidan arzonroq va qulayroq.
Bu degani Venesuela AQSh tomoniga o‘tdi degani emas. Maduro yaqin bir-ikki oy ichida Rossiyaga safar qilishi kerak. Putin unga “Boshingga qiyinchilik tushganda men yordam qo‘lini cho‘zdim. Endi meni sotmasang kerak?!” degan ma’noda savol qo‘yishi tabiiy.
Bir tomondan Venesuela og‘ir iqtisodiy va gumanitar ahvolda; boshqa tomondan, Maduro yaxshi biladiki, kollektiv g‘arbning avtoritar davlatlar bilan kelishuvlari taktika xolos. Shuning uchun Venesuelaga nisbatan AQSh tomonidan sanksiyalar kamaytirilishi – bir tomondan qulay imkoniyat, ikkinchi tomondan geosiyosiy vazifa hisoblanadi. Maduro esa o‘z rejimining iqtisodiy va geosiyosiy manfaatlari o‘rtasida muvozanat saqlay olishga intiladi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
17:40
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
17:05
AQShda so‘nggi 4 yilda 749 nafar o‘zbekistonlik hibsga olindi
16:18
“Kanalni savol-javobsiz qaytarib olamiz” – Tramp Panamaga tahdid qildi
15:04