Pedofiliya ortmoqda. Unga qarshi qanday kurashish kerak?
O‘zbekistonda pedofiliya bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortib bormoqda. Garchi barcha holatlarni aks ettirmasa-da, rasmiy raqamlar ham mamlakatda bu turdagi jinoyatlar statistikasi yildan yilga o‘sayotganini ko‘rsatadi. Jumladan, birgina 2022 yilning o‘zida 16 yoshga to‘lmagan bola bilan jinsiy aloqa qilishda aybli deb topilganlar soni 238 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023 yilning dastlabki olti oyida shunday ishlar uchun 257 kishiga sud hukmi o‘qilgan.
Kun.uz muxbiri ayni turdagi jinoyatlar, uning qanday jamiyatlarda ortib borishi va bu illatga qarshi kurashdagi qaysi usul samarali bo‘lishi borasida tahliliy suhbat tashkil qildi.
Suhbat mehmonlari Inson huquqlari ezgulik jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, huquqshunos Kamola Aliyeva va psixolog Boboyor To‘rayev bo‘ldi.
— Pedofiliya nima o‘zi, u davosi bo‘lsin, bo‘lmasin, kasallikmi yo ongli tarzda qo‘l uriladigan jinoyatmi?
Boboyor To‘rayev:
— Pedofiliya — voyaga yetmagan bolalarga katta yoshlilarning jinsiy qiziqishi. Pedofiliya deganda ko‘proq insondagi ruhiy buzilishlarni ko‘z oldimizga keltirishimiz kerak. Pedofil harakatlarini ongli ravishda ham, ongsiz ravishda ham qilishi mumkin. Har qanday holatda ham pedofiliya jinoyatdir. Pedofil o‘z jinoyatini ongli ravishda, yillar davomida rejalashtirib qilishi ham mumkin.
— Bu illat qanday jamiyatlarda ko‘p uchraydi? Va nega bizda ham raqamlar tinimsiz o‘sib bormoqda?
Abdurahmon Tashanov:
— Nega aynan bu o‘lkalarda pedofiliya ko‘payganini bilish uchun adabiyotlarga murojaat qilish kerak. Bu bo‘yicha bir qancha ilmiy-ommabop filmlarni ham ko‘rganman. Ularga ko‘ra, bu illat bizda qadimdan an’ana shaklida bo‘lgan, xalq orasida, podsholar saroyida bunday holatlar bo‘lgani haqida qator manbalar bor. Yaqin o‘tmishda, ya’ni 19 asr oxirlari va 20 asr boshlarida xonliklarda pedofillar ro‘yxatini yuritadigan lavozim ham bo‘lgan ekan. Abdulla Avloniyning «Esdaliklar»ida Buxoro amirligida bunday holatlar kuchaygani haqida ma’lumotlar bor. «Boburnoma»da ham bu illat tilga olingan, «Mehrobdan chayon», «O‘tkan kunlar» asarlarida ham shunday holatlar bor.
Nima bo‘lganda ham bizning mintaqadagi hududlar uchun pedofiliya masalasining ahamiyati yuqori, chunki bu illatning tarixiy ildizlari bor bizda. Bugun-chi? Bugun O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil qiladi, shuning uchun bu masalaga e’tibor kuchliroq bo‘lishi kerak. Bizning jamiyatda bunday jinoyatlar ko‘pincha ochilmaydi, yopiq qolaveradi. Chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari, degandek, yosh turmushga chiqqan qizlarni tashlab qo‘yish holatlari ham bor. Bunday stereotiplar maqol-naqllardayam o‘z aksini topgan. Shu yo‘sinda yashab kelayotgan millatmiz. O‘zgarish payti keldi. Rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilmoqchi bo‘lsak, faqat iqtisodiy emas, ma’naviyatimizdagi, jamiyatimizdagi buzilishlarni ham tuzatish vaqti keldi.
Kamola Aliyeva:
— Abdurahmon akaning gaplariga qo‘shilaman, tarixan ildizlari bor bu illatning. Qo‘shni Afg‘onistonda «bachchabazm» tadbirlari hozir ham uchraydi. Eshitishimcha, ko‘pxotinlik, bachchabozlik boylik belgisi hisoblangan va obro‘ bo‘lgan ular uchun. Bizga qanchalik g‘alati tuyulmasin, shunday.
Qanday jamiyatlarda pedofiliya avj oladi, degan savolga javob berish qiyin. Chunki sabablari bir qancha. Ijtimoiy-madaniy, oiladagi sabab, ruhiy jarohat oqibati bo‘lishi mumkin. Har qanday jinsiy zo‘ravonlik mavzusi bizniki kabi jamiyatlarda yopiq hisoblanadi. Deylik, bir yosh bola o‘z atrofidagi, ishonchiga kirgan erkak tomonidan tajovuzga uchrasa, buni gapirolmaydi, uyat deb biladi. Oila, mahallalar ham buni yopishga harakat qilishadi. Oiladagilar gap-so‘z, qiz bolaning ertangi taqdiri, desa, mahalladagilar bizning mahalladan bunday narsa chiqmasin deb yopishadi. Ayniqsa, qishloq joylarda bu narsa berkitiladi. Jamiyatdagi bunday xarakterni illat deyish mumkin, yomonlikka xizmat qiladigan narsani qadriyat deb bo‘lmaydi.
Abdurahmon Tashanov:
Shuningdek, bu illatning ko‘payishi ko‘proq hali rivojlanmagan va rivojlanishga qarab intilayotgan davlatlarga to‘g‘ri keladi. Ya’ni hali qonunchilik maromiga yetmagan, bola huquqlari to‘la ta’minlanmagan, fuqarolik jamiyati shakllanmagan davlatlarda ko‘proq uchraydi. Masalaning, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va axloqiy tomonlari bor. Pedofiliya bo‘yicha biz juda yomon holatdamiz, ochiq tan olish kerak buni. Vahima qilib gapirmoqchi emasman. Lekin 3 mln mehnat muhojiri oilasini tashlab boshqa joyda yurgan sharoitda buning xavfi yanada oshadi. Asosan pedofiliya qurbonlari nazoratsiz bolalar hisoblanadi. Ya’ni biz pedofiliya nishonidamiz, sharoit bor shunga.
Boboyor To‘rayev:
— Yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, qaysiki jamiyatda nohaqlik, adolatsizlik, yolg‘onchilik ko‘paysa, o‘sha jamiyatda pedofiliya rivojlanadi. Bu ilmiy isbotlangan. U jamiyatning diniy yo dunyoviy bo‘lishining farqi yo‘q, jamiyatda axloqsizlik, poraxo‘rlik, adolatsizlik bo‘lsa, pedofiliya avj olaveradi.
- Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Suhbatni Ilyos Safarov olib bordi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.
Montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
14:37 / 05.12.2024
«Ezgulik» inson huquqlari jamiyati «Ozodlik, tenglik, birodarlik» xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi
11:33 / 15.11.2024
“Pora kattalashgan sari suverenitet bilan savdolashish boshlanadi” – faollar bilan suhbat
17:45 / 12.08.2024
Surxondaryoda 10 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan erkak qamoqqa olindi
21:21 / 26.06.2024