O‘zbekiston | 17:28 / 19.10.2023
9681
3 daqiqa o‘qiladi

Sentob - 2023 yilning eng yaxshi turizm qishlog‘i deb topildi

Navoiy viloyatida joylashgan ushbu so‘lim go‘shaning eng yaxshi turizm qishlog‘i deb e’tirof etilishi prezidentimizning sohaga bo‘lgan yuksak e’tibori samarasidir, dedi Aziz Abduhakimov

Samarqandda UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida «Best Tourism Villages 2023 Awards» (2023 yilning eng yaxshi turizm qishlog‘i) nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Navoiy viloyatining Sentob qishlog‘i g‘olib bo‘ldi.

«O‘zbekiston prezidentining turizm sektori, eng avvalo, aholi turmush farovonligiga bo‘lgan e’tibori va tashabbuslari natijasida bugun yurtimiz qishloqlarini butun dunyo tan olmoqda. Navoiy viloyatidagi Sentob qishlog‘ining «Eng yaxshi turizm qishlog‘i» nominatsiyasidagi g‘olibligi, shubhasiz, mana shu islohotlar samarasidir», — dedi UNWTO Bosh assambleyasini Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati Tashkiliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aziz Abduhakimov.

UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili esa turizm qishloqlarining ahamiyatini alohida ta’kidladi.

«Eng yaxshi turizm qishloqlari» nominatsiyasi qishloqlardagi hayotni yanada yaxshilash borasidagi ishlarimizning debochasi xolos. Biz turizmni qishloq hayoti taraqqiyotining drayveriga aylantirishni maqsad qilganmiz»,— dedi marosimda nutq so‘zlagan UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili

Ma’lumot uchun, Sentobga 2023 yilning 17 mart kuni rasman turizm qishlog‘i maqomi berilgan. Qishloqda muntazam ravishda Angliya, Fransiya, Avstriya, Germaniya, Italiya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar oqimi kuzatilmoqda.

Ta’kidlash joizki, eng yaxshi turizm qishlog‘i bo‘lish uchun nomzodlar ro‘yxatiga O‘zbekistonning jami 5 ta manzili — Samarqand viloyatidagi Konigil, Navoiy viloyatidagi Sentob, Surxondaryo viloyatidagi Sangardak, Jizzax viloyatidagi Uxum va Farg‘ona viloyatidagi Avval turizm qishloqlari kiritilgandi.

UNWTO a’zo mamlakatlar qishloqlari o‘tgan yillardagidek to‘qqizta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholandi: «Madaniy va tabiiy resurslar», «Madaniy resurslarni targ‘ib qilish va saqlash», «Iqtisodiy barqarorlik», «Ijtimoiy barqarorlik», «Ekologik barqarorlik», «Turizmni rivojlantirish va qiymat zanjiri integratsiyasi", «Turizmni boshqarish va ustuvorlik», «Infratuzilma va kommunikatsiyalar», «Sog‘liqni saqlash va xavfsizlik».

«Best Tourism Villages 2023 Awards» nominatsiyasi UNWTO tomonidan 2021 yilda ta’sis etilgan. Asosiy maqsad nafaqat rivojlangan hududlarga, balki o‘z qadriyatlarini saqlagan va an’analarini targ‘ib qilayotgan qishloqlarga ham sayyohlar e’tiborini jalb qilishdir. Marosim bu yil uchinchi bor o‘tkazildi. 

Mavzuga oid