O‘zbekiston | 18:36 / 19.10.2023
7147
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda o‘quvchilarni sholi o‘rimiga jalb qilgan fermer jazolandi 

Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. 

Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumanidagi «Ibrohim baliqchi» fermer xo‘jaligi rahbari «ma’lum bir haq evaziga» dalada o‘rilgan sholini to‘plash ishlarini bajarishga maktab o‘quvchilarini jalb qilgani aniqlandi. Bu haqda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, Xorazmda 9-sinf o‘quvchilari sholi o‘rimiga jalb qilingani haqidagi xabar Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi murojaatiga asosan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi hamda Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilgan. 

O‘rganish davomida Qo‘shko‘pir tumanidagi 19-maktabning 9-sinf o‘quvchilari «Ibrohim baliqchi» fermer xo‘jaligiga tegishli sholi dalasida, dars mashg‘ulotlaridan so‘ng, ushbu xo‘jalik rahbarining taklifiga asosan, ma’lum bir haq evaziga dalada o‘rilgan sholini to‘plash ishlarini bajarishga jalb qilingani aniqlangan. 

Shu bilan birga, maktab ma’muriyatining ushbu o‘quvchilarni sholi o‘rimiga majburiy jalb qilinishi holati o‘z tasdig‘ini topmagan. 

Aniqlangan qonunbuzilish yuzasidan fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan mehnat qonunchiligi va bolalar mehnatidan ularning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga yoki ahloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalangani holati Qo‘shko‘pir tuman sudida ko‘rib chiqildi. 

Sud qarori bilan fermer Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 3-qismi va 491-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari (3,3 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid