Fan-texnika | 15:23 / 26.10.2023
45489
4 daqiqa o‘qiladi

Livanʼdan Luxeedʼgacha - Xitoy avtosanoati taqdim etgan eng so‘nggi elektromobillar

Dunyo avtosanoatida ichki yonuv dvigatelli (benzin, dizel) avtomobillar «moda»dan qolayotgan bir vaqtda, Xitoy vujudga kelayotgan bo‘shliqni to‘ldirish, elektromobillar bo‘yicha ham dunyodagi eng katta eksport davlati bo‘lish uchun yangidan yangi modellarni taqdim etyapti. Quyida ana shunday elektromobillar haqida so‘z boradi.

Livan 7

Geely kompaniyasi yangi kross-kupe Livan 7 sotuvini boshladi. Uning uzunligi 4,7 metr. Hajmi kattaligiga qaramay elektromobil budjet sinfiga mansub — uning bazaviy komplektatsiyasi 16 ming dollar etib belgilangan. Livanʼning 6 xil komplektatsiyasi bor.

Bir martalik to‘liq quvvatlanish bilan 405 dan 605 kilometrgacha (WLTC sikli bo‘yicha) masofa bosib o‘ta oladi. Faqat old g‘ildiraklar tortuvchi hisoblanadi. 100 km tezlikka chiqishi uchun 6,8 soniya kifoya qiladi. Avtopilot rejimiga ega: buning uchun avtomobilga 12 ta ultratovushli radar, lidar va kameralar o‘rnatilgan.

Chery eQ7

Chery brendining navbatdagi ishlanmasi to‘liq elektrda harakatlanadigan eQ7 (Shuxiangjia) modeli bo‘ldi. Avtomobil o‘rta hajmli krossover hisoblanib, 6 ta komplektatsiyasida taqdim etildi. Birinchi pozitsiyasi narxi qariyb 20,5 ming dollarga teng.

Mashina uzunligi 4675 mm, eni 1910 mm, bo‘yi esa 1660 mm. G‘ildiraklar bazasi 2830 mmni tashkil etadi. Kuzov 5 xil rangga ega: oq, qora, yashil, ko‘k va kulrang. eQ7 komplektatsiyasiga qarab bir martalik to‘liq quvvat bilan 412 dan 512 kilometrgacha masofa bosib o‘ta oladi. 100 km tezlikka esa 8 soniya sarflaydi. Maksimal tezligi soatiga 180 km. 

Exeed Exlantix (Sterra) ET

Exeed brendi 2017 yil sentabrida Chery kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan. Yo‘ltanlamas va krossoverlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Exxedʼning navbatdagi modeli Exlantix ET bo‘ldi. Avtomobil 2024 yildan boshlab Xitoy bozorida sotuvga chiqadi. Model premerasi avgust oyida Chendudagi avtoko‘rgazmada bo‘lib o‘tgandi.

Elektromobil to‘liq quvvat bilan 500 dan 700 kilometrgacha masofa bosib o‘ta oladi. 150 km masofaga yetadigan energiyaga ega bo‘lish uchun avtomobilni 5 daqiqa quvvatlantirish kifoya qiladi. Dunyo bozoriga Exlantix ET nomi ostida sotuvga chiqsa, Xitoyda Sterra nomi bilan sotiladi. Hozircha narxlar borasida rasmiy ma’lumot mavjud emas. 

Geometry G6

Geely kompaniyasi bir yil avval debyut qilgan Geometry G6 modelini yangilashga ham ulgurdi. Asosiy o‘zgarish esa dizaynda emas, balki bosib o‘tadigan masofasida bo‘ldi. Avvalgi versiyada avtomobil to‘la quvvat bilan 480—620 km masofa bosib o‘tishi ko‘rsatilgandi, bu safar esa masofa qisqartirilgan: 410—500 km.

Biroq avtomobilni quvvantlantirish vaqtini qisqartirishga erishilgan. Akkumulyatorni 30 foizdan 80 foizga qadar to‘ldirish uchun oldin 30 daqiqa ketgan bo‘lsa, endi bu 20 daqiqaga teng. Shuningdek, 8 daqiqada 100 km masofaga yetadigan quvvatga ega bo‘lish imkoniyati ham bor. G6 204 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. U 100 km tezlikka 6,9 soniyada chiqadi. 

Luxeed S7

Huawei va Chery kompaniyalarining qo‘shma loyihasi ostida yangi brend bozorga chiqmoqda. 5 metrlik fastbek 3 xil modifikatsiyada taqdim etiladi. Sedan Brembo tormoz tizimi, yarimavtopilot Huawei ADS 2.0 tizimlari bilan ta’minlangan.

Avtomobil komplektatsiyasiga qarab 19—21 dyuymli disklar bilan jihozlanadi. To‘liq quvvat bilan 700 km (CATL sikli bo‘yicha) masofa bosib o‘tadi. Ta’kidlanishicha, Luxeed S7 Xitoy bozorida 27 ming dollardan 17 noyabrda sotuvga chiqishga kutilmoqda.

Mavzuga oid