O‘zbekiston | 20:33 / 27.10.2023
6506
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident geologiya-qidiruv sohasidagi vazifalarni belgilab berdi 

Shavkat Mirziyoyev 27 oktyabr kuni geologiya ishlarini kengaytirish, foydali qazilmalarning istiqbolli konlarini aniqlash va o‘zlashtirish rejalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. 

Taqdimotda sohada qilingan ishlar, foydali qazilmalarni aniqlash va o‘zlashtirishga xorijiy hamkor va investorlarni jalb qilish rejalari ko‘rib chiqildi. 

Qayd qilinishicha, so‘nggi yillarda geologiya-qidiruv ishlari oldingi davrga nisbatan 3 barobar oshgan. 3D seysmorazvedka, aerogeofizika, kosmogeologiya, raqamli geologiya kabi ilg‘or usullarni joriy etish boshlandi. Geologiya fanlari universiteti tashkil etilib, hozirgi kunda 1,5 ming nafar yosh zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallamoqda. 

Shuningdek, geologiya ishlari sohasidagi loyihalarga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun qonunchilik bazasi takomillashtirildi va boshqa zarur sharoitlar yaratildi. 

Buning hisobiga konlarni izlash va o‘zlashtirish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar soni 4 barobarga oshdi. Joriy yilning o‘zida geologiya ishlariga 180 million dollar xorijiy investitsiyalar kiritildi, amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati esa 2 milliard dollardan oshdi. 

Davlat rahbari hisobotni tinglab, kelgusi yilda geologiya-qidiruv sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi.

Mavzuga oid