Jamiyat | 12:55 / 31.10.2023
66564
5 daqiqa o‘qiladi

Suyak yemirilishining davosi bormi?

Har qanday kasallikning kelib chiqishiga bir nechta faktorlar sabab bo‘lishi mumkin. Bular nasliy moyillik, nosog‘lom turmush tarzi va zararli odatlar. Bu uch omil asoratlari tufayli oddiy xastaliklarni davolashda ham bir qator muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Suyak yemirilishi yoki mo‘rtlashishi asosan 45-50 yoshdan so‘ng kuzatiladigan kasallik bo‘lib, tibbiyot tilida osteoporoz deb yuritiladi.  Kasallik uzoq vaqt yashirin kechishi, insonni hech qanday belgilar bezovta qilmasligi mumkin. Faqat ba’zi-ba’zida bemorning beli simillab og‘riydi. Osteoporoz, ayniqsa, son, yelka oldi suyaklari va umurtqalarni zararlaydi. Inson umurtqaning bel va dumg‘aza qismida, kurak orasida og‘irlik hissi, mushaklarda og‘riq sezadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetovning ta’kidlashicha, bu og‘ir kasallik tibbiyotda son suyagi boshchasining avaskulyar osteonekrozi deb ham ataladi. U suyak to‘qimasida qon oqimi vaqtincha yoki doimiy buzilishi oqibatida yuzaga keladi. Ya’ni,  tanamizdagi suyaklar bir-biridan tog‘ay bilan ajralib turadi. Yuzalari bo‘g‘im paylari bilan mustahkamlangan. Ular harakat chog‘ida yuzaga keladigan tashqi zarbalarga qalqon bo‘ladi. 

Bo‘g‘imlar ichki qavati esa maxsus parda bilan qoplangan bo‘lib, o‘zidan suyuqlik chiqarib turadi va shu tufayli bo‘g‘imlar elastikligi ortadi hamda harakat-tayanch vazifasini o‘taydi. Son suyagi boshchasi tananing shu qismidan o‘tgan bitta arteriya bilan oziqlanadi. Agar unga qon borishi buzilsa yoki to‘xtasa, bo‘g‘imlar kislorod va boshqa hayotiy zarur moddalarga to‘yinmasligi oqibatida nekroz, ya’ni hujayra va to‘qimalar nobud bo‘lishi jarayoni boshlanadi. Nekroz o‘chog‘i kattalashgani sayin son suyagi boshchasi o‘z mustahkamligini yo‘qotib, tana og‘irligiga bardosh berolmay qoladi. 

Shuningdek, osteoporoz tana og‘irligini ushlab turuvchi bo‘g‘imlarni zararlaydi. Bundan, ayniqsa, tos suyagi va tizza bo‘g‘imlari aziyat chekadi. Insonning harakatlanishi cheklanadi. Oyoqlarda og‘riq seziladi. Bu ham kasallikning nishonasi hisoblanadi.

Bundan tashqari, bukchayib yurish, tomir tortishishi, tez charchash, parodontoz (milk kasalligi), behollik, yurakning tez urishi, tishlarda karash paydo bo‘lishi, tirnoqlarning sinuvchanligi, sochlarning erta oqarishi ham kasallikning belgilariga kiradi.

Kamharakatlilik — kasallikning asosiy sababchisi

Kasallik quyidagi sabablar natijasida kelib chiqishi mumkin:

  • Kamharakatlilik. Osteoporoz yoki suyak yemirilishi zamonaviy insonlar kasalligi hisoblanadi. Jismoniy harakat qanchalik kam bo‘lsa, suyaklar ham shunchalik zaiflasha boradi.
  • Zarur vitaminlarning yetishmasligi.
  • Kalsiyning so‘rilishiga to‘sqinlik qiladigan oshqozon-ichak kasalliklari.
  • Buyrak va jigar yetishmovchiligi.
  • Nasliy moyillik.
  • Zararli odatlar (spirtli ichimlik ichish va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish).
  • Bo‘yning yoshga nisbatan past bo‘lishi.
  • Kasbiy kasalliklar (kun davomida o‘tirib ishlaydigan kasb sohiblari).
  • Endokrin kasalliklar (qandli diabet, buqoq).

Taomnomangizga e’tiborli bo‘ling

Suyaklar mustahkamligini ta’minlash uchun organizm har kuni 1,2-1,5 gr kalsiyga muhtojlik sezadi. Bu ehtiyojni qondirishning eng yaxshi yo‘li sut mahsulotlarini iste’mol qilishdir. Meva va sabzavotlar tarkibida kalsiy bor yo‘g‘i 0,4-0,5 grammni tashkil qiladi. organizmning kundalik ehtiyojini qoplash uchun quyidagi ro‘yxatdagilardan birini tanlab, iste’mol qilib turishingiz kerak.

Bir kunlik me’yor:

  • Yarim litrgacha sut;
  • 100 gr (1 piyola) tvorog;
  • 2-3 tilim pishloq;
  • 2 piyola qatiq

Davolash choralari ko‘rilishi kerak

Kasallikni davolash bemorning holatiga qarab belgilanadi. Agar kasallikni gormonal o‘zgarishlar keltirib chiqargan bo‘lsa, maxsus gormonal dori vositalar buyuriladi.

  • Bemor sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi, ko‘ngilsiz hodisalardan yiroqroq bo‘lishi kerak.
  • Dori vositalari bilan bir qatorda kalsiy va D vitamini bilan boyitilgan vitaminlar yig‘indilari qabul qilinadi.
  • Maxsus jismoniy mashqlar va uqalash muolajalari buyurilishi mumkin.
  • Ko‘proq toza havoda piyoda sayr qilish buyuriladi.

Maxsuma OQQO‘ZIYeVA tayyorladi.

Mavzuga oid