Jahon | 13:00 / 04.11.2023
8117
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh rossiyalik ayolga oligarxlarga yordam bergani uchun sanksiyalar kiritdi

AQSh rasmiylariga ko‘ra, rossiyalik ayol Yekaterina Jdanova sanksiyaga uchragan Rossiya elitasiga virtual valuta orqali pul yuvishda yordam bergan.

Foto: AP

Qo‘shma Shtatlar Rossiya fuqarosi Yekaterina Jdanovaga sanksiyaga uchragan Rossiya elitasi nomidan harakat qilib, virtual valutadan foydalangan holda yuzlab million dollarlarni yuvishda o‘ynagan roli uchun jazo choralari joriy qilmoqda. Bu haqda 3 noyabr, juma kuni kechqurun AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Mettyu Miller bayonot berdi.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, Jdanova «pul yuvish yoki boylik manbalarini yashirishga intilayotgan rossiyalik mijozlarga bir qator virtual, naqd pul, soliq va boshqa xizmatlarni taqdim etgan». Davlat departamenti press-relizida aytilishicha, u Qo‘shma Shtatlardagi tibbiyot muassasalariga kiberxavf tug‘diruvchi to‘lov dasturini ishlab chiquvchilar bilan bog‘liq bo‘lgan bir guruh shaxslarga yordam bergan. 

Rossiyalik oligarxlarga pul yuvishda yordam berish 

Ayni paytda, AQSh Moliya vazirligi o‘z veb-saytida 2022 yil mart oyida mahkamadagi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi Ukrainada urush boshlangani munosabati bilan Rossiya moliya tizimiga qarshi sanksiyalarni kiritganidan so‘ng, Jdanova bir rossiyalik mijozga boyligining manbasini yashirishga yordam berganini aniqladi. Soxta investitsiya hisobini ochish va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalar orqali 2,3 million dollar G‘arbiy Yevropaga o‘tkazilgan, deyiladi hisobotda. 

Boshqa holatda, ismi oshkor etilmagan rossiyalik oligarx Jdanovaga uning nomidan Birlashgan Arab Amirliklariga 100 million dollardan ortiq mablag‘ni o‘tkazishni so‘rab murojaat qilgan, deya xabar beradi AQSh Moliya vazirligi. Jdanova rossiyalik mijozlarga BAAda soliq rezidentligini olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatgan va ularning shaxsini yashirishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin, deydi AQSh rasmiylari. 

«Bugungi qadamimiz Kremlning korrupsion ishonchli shaxslarini qo‘llab-quvvatlash oqibatlarini ko‘rsatadi, noqonuniy mablag‘larni yuvish uchun virtual valutani suiiste’mol qilishga qarshi kurash bo‘yicha AQShning sa’y-harakatlarini ta’kidlaydi va pul yuvuvchini fosh qiladi, - dedi Mettyu Miller. - Bu qadam G7 sanksiyalaridan qochish va Rossiya, uning elitalari, vositachilari, oligarxlariga xalqaro sanksiyalar ta’sirini bartaraf etish uchun virtual valutadan foydalanishga imkon beruvchi bo‘shliqlarni yopishga qarshi kurash bo‘yicha majburiyatlarimiz bilan ham mos keladi».

Mavzuga oid