O‘zbekiston | 08:28 / 04.11.2023
8909
4 daqiqa o‘qiladi

Sud tizimi xodimlari majburiy obunaga tortilmoqda

Oliy sud va Sudyalar oliy maktabi muassisligidagi 3 ta jurnal va 1 ta gazetaga sud tizimida “ixtiyoriy-majburiy” tarzda obuna kampaniyasi ketyapti. Bundan tashqari, ayrim joylarda huquqshunos muallifligidagi ayni bir kitob ikki marta pullangan. Sud sohasining yuqori organlari bularni rad etdi.

Kun.uz'ga sud tizimi xodimlaridan murojaat kelib tushdi. Unda muassisi Oliy sud va Sudyalar oliy maktabi bo‘lgan nashrlarga sud sohasi vakillari majburiy obuna qildirilayotgani haqida so‘z boradi.

Ma’lum bo‘lishicha, sud tizimi xodimlariga “ixtiyoriy-majburiy” tarzda obuna qildirilayotgan nashrlar quyidagilar:

  • Oliy sudlov” – “Pravosudiye” jurnali — bir yil uchun 504 ming so‘m (12 ta son);
  • Oliy sud axborotnomasi” – “Byulleten Verxovnogo suda” jurnali — bir yil uchun 300 ming so‘m (6 ta son);
  • Kuch adolatda” gazetasi — bir yil uchun 338 ming so‘m (52 ta son);
  • Odillik mezoni” jurnali — bir yil uchun 540 ming so‘m (12 ta son).

Yuqorida sanalgan birinchi uchta nashrning muassisi – O‘zbekiston Oliy sudi. “Odillik mezoni” esa – Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining jurnalidir.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, sud tizimida ishlovchi oddiy xodimlardan bu nashrlarning bir yoki ikkitasiga obuna bo‘lish talab etiladi. Sudyalar esa to‘rtala nashrning ham obunasini sotib olishi shart qilib qo‘yilgan.

Bu holat har yili kuzatiladi. Obuna mavsumida bu masalaga alohida mas’ul xodim biriktirib qo‘yiladi, u oylik yoki avans tushgan kunlari hamma xodimlardan kvitansiya so‘rab yuradi”, – deydi u.

Murojaatchining aytishicha, huquqiy nashrlarga obunadan tashqari, “ixtiyoriy-majburiy” tarzda kitob sotilishi holatlari ham uchrab turadi.

O‘tgan yili Shoxruh Akbarovning ikkita kitobdan iborat “Men o‘zbekman” asarining ikkinchi kitobini 50 ming so‘mdan oldirishgandi. Bu yil yana xuddi shu kitobni 60 ming so‘mdan “ixtiyoriy-majburiy” tarzda sotishdi. Birinchi kitob bo‘lganida ham mayli edi, ikkinchisini o‘tgan yili olgandik”, – deydi sud tizimi vakili.

Murojaatchining ayni iddaosini shu hududdagi boshqa sudda ishlovchi manba ham tasdiqladi.

Kun.uz bog‘langan rasmiylar tizimda majburiy obuna borligini rad etdi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning aytishicha, “shu paytgacha sud tizimida obuna uchun majburlov bo‘lmagan”.

Sud tizimidagi gazeta va jurnallarga soha xodimlarining o‘zi ishtiyoq bilan ixtiyoriy obuna bo‘lishadi. Sababi ushbu nashrlarda o‘zlarining maqolalari, xabarlari chop etiladi. Shu paytgacha sud tizimida obuna uchun majburlov bo‘lmagan. Shohrux Akbarovning “Men o‘zbekman” nomli kitobi haqida esa birinchi bor eshitishim”, – dedi Aziz Obidov.

Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati rahbari Tursunali Akbarov majburiy obuna masalasida kengashga murojaat bo‘lmaganini ta’kidladi.

Obuna – ixtiyoriy, hech kimni majburlash yo‘q. Shohrux Akbarovning “Men o‘zbekman” degan kitobi majburiy sotilayotganini ham endi eshitib turibman. Majburiy obuna qilinayotgani xaqida kengashga sudyalardan murojaat kelib tushmagan. Kengash tashabbusi bilan chop etilgan “Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati” kitobi esa sudyalarga tekinga tarqatilgan”, deya ma’lum qildi Tursunali Akbarov.

Ma’lumot uchun, Shohrux Akbarov uzoq yillar Oliy sud axborotnomasi va “Kuch adolatda” gazetasida (1994-2004) va O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining “Huquqshunos” jurnalida bosh muharrir (2005-2009) bo‘lib ishlagan.

Mavzuga oid