O‘zbekiston | 21:28 / 06.11.2023
17204
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Turkiy Davlatlar Tashkilotidan nimalar kutmoqda?

3 noyabr kuni qo‘shni Qozog‘istonda Turkiy Davlatlar Tashkilotining 10-sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotga a’zo besh davlat – O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Qirzig‘iston hamda kuzatuvchi maqomidagi Turkmaniston va Vengriya davlatlari rahbarlari ishtirok etdi.

Shu kunlarda Turkiya Respublikasi 100 yoshga to‘ldi. Qozog‘iston ham o‘tgan haftada “Respublika kuni”ni bayram qildi. Mintaqa va dunyoda juda tarang geosiyosiy vaziyat shakllangan. Shimolda Ukraina-Rossiya urushi davom etmoqda. Janubda Isroil-Falastin urushi avjida. Afg‘onistonda ham tinchlik va barqarorlik to‘liq mustahkamlangani yo‘q, u yerda ijtimoiy-iqtisodiy zo‘riqish, yashirin va oshkora muammolar bo‘y ko‘rsatib turibdi. Global miqyosda AQSh va Xitoy, AQSh va Rossiya Federatsiyasi o‘rtalaridagi strategik tirashuv kuchayib bormoqda.

Mana shu fonda, turkiy davlatlar liderlari Ostonada uchrashib, o‘zaro hamkorlik, Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasidagi birlik va hamjihatlik, qolaversa, global vaziyat borasidagi qarashlarni tartibga solish uchun uchrashib, fikr almashishdi.

Sammitda birinchi bo‘lib O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Mirziyoyevga ko‘ra, bugun Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasida 160 million inson istiqomat qilmoqda, a’zo davlatlarning barchasi o‘zaro strategik sheriklik maqomidagi munosabatlarni o‘rnatgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida Falastin atrofida kechayotgan og‘ir gumanitar vaziyatga ham to‘xtaldi. Prezident ta’biriga ko‘ra, halqaro maydonda ishonch inqirozi oshib bormoqda, ba’zi davlatlar xalqaro huquqdan chekinmoqda. Ma’lumki, BMTning ko‘plab retsolyutsiyalariga ko‘ra, Falastin davlati tashkil topishi kerak va shart. Prezident Mirziyoyev mana shu holatni eslatib, Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo barcha davlatlar aynan mana shu pozitsiyada bo‘lishi, Falastin davlati tashkil topishini talab qilishi kerakligini bildirib o‘tdi.

Mirziyoyev o‘z chiqishida yetti punktdan iborat takliflarni bildirdi, muammoli holatlarga e’tibor qaratdi.

Birinchidan, turkiy dunyo xartiyasini ishlab chiqish kerak. Bu xartiya orqali, turkiy davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik va birlikni ta’minlash kerak. Aslida ham, agar qarashlar, qadriyatlar va standartlar o‘rtasida o‘xshashlik bo‘lmasa, integratsiya haqida gapirish imkonsiz bo‘ladi. Mirziyoyev turkiy davlatlar o‘rtasidagi ichki va yashirin ziddiyatlar, raqobat va ishonchsizlik ruhiyatini yo‘qotish uchun mana shunday xartiya zarar ekanligini bildirdi.

Ikkinchidan, Turkiy taraqqiyot bankini tashkil qilish kerakligi aytildi. Bankning bosh ofisini Toshkentda joylashtirish uchun O‘zbekiston joy berishga tayyor ekanini bildirildi.

Uchinchidan, turkiy davlatlar o‘rtasidagi savdo hamkorligini kuchaytirish uchun alohida chora-tadbirlar amalga oshirish kerakligi aytildi.

To‘rtinchidan, global logistika zanjirini shakllantirish, buning uchun turkiy davlatlarning temiryo‘l kengashini tuzish kerakligi aytildi. Bu kengashning bosh direksiyasi uchun ham rasmiy Toshkent joy berishga tayyorligi bildirildi.

Beshinchidan, prezident ekologik muammolarga yechim topish maqsadida, Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlarining vazirlar darajasidagi ekologik forum tashkil qilish zaruratini aytdi.

Oltinchidan, prezident turkiy dunyo kreativ yoshlar markazini O‘zbekistonda ochish niyati borligini bildirdi.

Va nihoyat, davlat rahbari Afg‘onistondagi vaziyatga e’tibor pasayib ketganini, lekin turkiy davlatlarning barchasi uchun, tinch va barqaror Afg‘oniston kerakligini aytdi. Tinch va rivojlanayotgan Afg‘onistonga erishish uchun, tashkilot davlatlari bu davlatni oyoqqa turishi uchun alohida e’tibor qaratishi kerak deyildi.

Sammitdagi eng asosiy xorijiy mavzu – Falastin-Isroil mojarosi bo‘ldi. Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an Isroilning qilayotgan ishlarini insoniyatga qarshi jinoyat deb atadi. Qozog‘iston prezidenti To‘qayev Falastin xalqiga 1 mln dollar miqdorida yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi. O‘zbekiston esa bundan bir necha kun oldin 1,5 mln dollar ajratgan edi.

Sammit chog‘ida Mirziyoyevga bu tashkilotning eng oliy mukofoti – Turkiy dunyo oliy ordeni topshirildi.

Ta’kidlash kerakki, Turkiy Davlatlar Tashkiloti va unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik keyingi 4-5 yilda haqiqatda jonlandi, barqaror muloqot va hamkorlik maydoniga, yagona qarashga ega platformaga aylandi. Buning sababi ko‘p jihatdan tashkilotga O‘zbekistonning kirib kelgani va o‘zini ushbu tashkilotning asosiy tashabbuskori sifatida namoyon qilgani bilan bog‘liq.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid