O‘zbekiston | 14:48 / 08.11.2023
9448
2 daqiqa o‘qiladi

Kollej, texnikumlarning vakant qolgan o‘rinlariga abituriyentlar qabuli boshlandi

2023/2024 o‘quv yili qabulida kollej va texnikumlarga o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlar bo‘sh qolgan o‘rinlarga qabul qilinadigan bo‘ldi. Buning uchun abituriyent 13 noyabrgacha professional ta’lim muassasasi ma’muriyatiga murojaat qilishi kerak.

Foto: Kun.uz

2023/2024 o‘quv yilida my.uzbmb.uz platformasi orqali kollej va texnikumlarga (yuridik texnikumlar bundan mustasno)ga hujjat topshirgan abituriyentlar qabul parametri doirasida bo‘sh o‘rinlarga qabul qilinadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi buyrug‘i e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, avvalo, abituriyentlar test natijalari bo‘yicha ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda qabul qilinadi.

Shuningdek, qabul yakunlari bo‘yicha shakllanmagan (o‘quvchilar soni 12 nafardan kam bo‘lgan) guruhlarga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar arizasiga ko‘ra, ta’lim shakli o‘zgarmagan holda davlat granti asosida boshqa kasb (mutaxassislik)ga o‘zgartirishi mumkin.

Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga test sinovlarida ishtirok etib, o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlar faqat shu texnikumdagi mos mutaxassislik bo‘yicha vakant o‘rinlarga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. Bu texnikumlarning vakant o‘rinlariga mos mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga da’vogar abituriyent bo‘lmagan taqdirda, mazkur muassasaning boshqa mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlar qabul qilinishiga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, tibbiyot yo‘nalishidagi mutaxassisliklarga tavsiya etilmagan abituriyentlar boshqa kollej va texnikumlardagi vakant o‘rinlarga o‘qish uchun ham murojaat etishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, vakant o‘rinlariga o‘qish istagida bo‘lganlar 2023 yilning 13 noyabr kunigacha professional ta’lim muassasasi ma’muriyatiga murojaat qilishlari kerak.

Mavzuga oid