Jahon | 12:07 / 10.11.2023
9343
3 daqiqa o‘qiladi

Hollivud aktyorlari ish tashlashni tugatdi

Aktyorlar kasaba uyushmasi ish beruvchilar bilan umumiy qiymati 1 milliard dollardan oshiq «favqulodda miqyosdagi» kelishuvga erisha oldi.

Foto: AP

AQSh Televideniye va radio artistlari federatsiyasi hamda Kinoaktyorlar gildiyasi (SAG-AFTRA) Kino va televideniye prodyuserlari alyansi (AMPTP) bilan o‘z a’zolariga 9 noyabr, payshanba kunidan boshlab 118 kunlik ish tashlashni tugatishga imkon beruvchi taxminiy kelishuvga erishganini ma’lum qildi. SAG-AFTRA'ning X (sobiq - Twitter) sahifasida e’lon qilingan bayonotda: «biz 1 milliard dollardan ortiq favqulodda qiymatdagi kelishuvga erishdik», deyiladi.

Shartnoma minimal to‘lovlarni oshirishni, federatsiya a’zolarini «sun’iy intellekt tahdidlari»dan himoya qilish choralarini o‘z ichiga oladi va birinchi marta «oqimli efirdagi ishtirok uchun bonusni» o‘z ichiga oladi.

Taxminan 160 000 kishidan iborat aktyorlar kasaba uyushmasi 14 iyul kuni ish tashlashni boshladi, bu AQSh kinosanoatidagi barcha ishlab chiqarishni amalda to‘xtatdi. Aktyorlar maoshlarni oshirish, qo‘shimcha ishlaganlik uchun kompensatsiya to‘lash va kinoda sun’iy intellektdan foydalanishni cheklashni talab qilgan.

Ish tashlashlar kinosanoatiga milliardlab dollar zarar keltirdi

Aktyorlarning ish tashlashi Amerika ssenariy mualliflari gildiyasining 2 may kuni boshlangan noroziliklari ortidan bo‘lib o‘tdi. 11 500 dan ortiq ijodkorlar hamjamiyati Kino va televideniye prodyuserlari alyansi bilan mehnat sharoitlarini yaxshilash borasida kelishmovchiliklar tufayli ommaviy ish tashlash uyushtirdi. 9 oktyabr kuni tomonlar kelishuvga erishdi va ssenariy mualliflarining noroziligi tugadi.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil Hollivudda ssenariy mualliflari va aktyorlarning ish tashlashi sohaga 5 milliard dollardan ortiq zarar yetkazgan. Xususan, Warner Bros. kinostudiyasi noyabr oyiga rejalashtirilgan «Dyuna» fantastik blokbasterining ikkinchi qismini chiqarishni 2024 yil martiga ko‘chirishga majbur bo‘ldi. Bundan tashqari, ish tashlashlar sababli «Emmi» va «Oskar» mukofotlarini topshirish marosimlari qoldirildi.

Ish tashlashlar striming servislariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Shu tariqa, Amazon «Periferik qurilmalar» serialining ikkinchi mavsumini suratga olishdan voz kechishga qaror qildi, Apple TV+ esa «Metropolis» seriali loyihasini yopdi.

Mavzuga oid