Jahon | 09:20 / 14.11.2023
5617
2 daqiqa o‘qiladi

Burkina-Fasoda qishloqqa uyushtirilgan hujumda 70 kishi halok bo‘ldi

Dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri turli guruhlar tomonidan muntazam hujumlarga uchrab turadi. Noma’lum shaxslarning navbatdagi hujumi natijasida 70 kishi halok bo‘ldi.

Foto: AP

Burkina-Fasoning Zaongo qishlog‘iga uyushtirilgan hujumda aksari bolalar va qariyalardan iborat kamida 70 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda 13 noyabr, dushanba kuni mahalliy prokuratura ma’lum qildi.

Fojia 5 noyabr kuni yuz bergan. Mamlakat shimolidagi qishloqqa hujumni aynan kim amalga oshirgani hozircha noma’lum. Yevropa Ittifoqi va AQSh rasmiylari Burkina-Faso hukumatini hujumning to‘liq holatlariga oydinlik kiritish uchun tergov o‘tkazishga chaqirdi. Mahalliy aholidan birining AFP’ga aytishicha, hujum mintaqada «xavfsizlik kuchlari va terrorchilar o‘rtasidagi janglardan ikki kun o‘tib» sodir bo‘lgan.

Burkina-Faso dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri bo‘lib, o‘tgan yili ikki marta harbiy to‘ntarish sodir etilgan. 2015 yilda qo‘shni Malidagi qo‘zg‘olon Burkina-Fasoga tarqaldi va o‘shandan beri G‘arbiy Afrika davlatida turli guruhlarning muntazam qurolli hujumlari kuzatilmoqda, deb yozadi AFP. Umuman olganda, bu hujumlarda 17 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi va ikki million odam o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. 

Mavzuga oid