O‘zbekiston | 08:02 / 23.11.2023
14050
2 daqiqa o‘qiladi

Profilaktika inspektorlarini tayinlash jarayoni o‘zgartirilmoqda

Inspektorni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, mahallaga biriktirish hamda mahalla orasida rotatsiya qilish IIB boshliqlari tomonidan IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Foto: Kun.uz

Prezident tomonidan «O‘zbekiston prezidenti va hukumatining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish to‘g‘risida»gi farmon imzolandi.

Endilikda:

profilaktika inspektorini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, staji va tajribasini inobatga olgan holda mahallaga biriktirish hamda mahalla orasida rotatsiya qilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi (profilaktika inspektori lavozimidan katta profilaktika inspektori lavozimiga o‘tkazish bundan mustasno);

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari Jamoat xavfsizligi xizmatining huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari hamda ijtimoiy profilaktika bo‘lim boshliqlari IIV Jamoat xavfsizligi departamentining Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi (yuqori turuvchi rahbarlik lavozimiga o‘tkazish holatlari bundan mustasno).
 
«Ichki ishlar vazirligi moliya va moddiy texnika ta’minoti bosh boshqarmasi maishiy ishlab chiqarish kombinati» DUK davlat aksiya paketlari (ulushlari) to‘liqligicha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotiladigan korxonalar ro‘yxatidan chiqarilmoqda.

Tibbiyot xodimlariga belgilangan moddiy rag‘batlantirish tartibi 2024 yil 1 yanvardan boshlab IIV tizimidagi tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga (maxsus harbiy unvonga ega bo‘lgan xodim hamda harbiy xizmatchilardan tashqari) nisbatan ham tatbiq etiladi. 

Mavzuga oid