Jahon | 12:14 / 24.11.2023
6915
3 daqiqa o‘qiladi

HAMAS harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni aviazarba oqibatida halok bo‘ldi

Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant shiddatli janglar kamida yana ikki oy davom etishini aytdi.

Foto: AP

Isroil armiyasi G‘azo sektori janubidagi Xon Yunis shahrida HAMAS tashkiloti harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni Amar Abu Jalolni yo‘q qildi, deb xabar berdi Isroil mudofaa kuchlari 23 noyabr, payshanba kuni Telegram-kanalida.

Unga havo hujumi uyushtirildi va u bilan birga HAMASning yana bir dengiz zobiti halok bo‘ldi; mahkama uning shaxsini ochiqlamadi. Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, Amar Abu Jalol dengiz hujumlari tashkilotchilaridan biri bo‘lgan.

Isroil mudofaa vaziri: janglar kamida ikki oy davom etadi

24 noyabr kuni ertalab to‘rt kunlik sulh boshlanishi kerak. Tomonlar garovga olinganlarni mahbuslarga almashtirish haqida kelishib oldi. Tel-Aviv kelishuv shartlari bajarilgach, janglar to‘liq quvvatda davom etishini bildirdi.

Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant, xususan, HAMAS bilan vaqtinchalik sulh tugaganidan keyin TsAHAL kuchlari kamida yana ikki oy davom etadigan shiddatli janglarni davom ettirishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sulh davrida Isroil qo‘shinlari yangi janglarga tayyorgarlik ko‘rishi va qurol-yarog‘lar zaxiralarini to‘ldirishi kerak.

TsAHAL vakili brigada generali Daniel Xagarining ta’kidlashicha, G‘azo sektori shimoliy qismi ustidan nazorat o‘rnatish uzoq muddatli harbiy harakatlarning faqat birinchi bosqichidir.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 14 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid