Jahon | 09:24 / 27.11.2023
5612
4 daqiqa o‘qiladi

HAMAS garovga olgan yana 17 kishi Qizil Xochga topshirildi

HAMAS jangchilari tomonidan ozod etilgan garovga olinganlar orasida bir nafar «Rossiya pasporti egasi» ham bor, deya tasdiqladi Rossiya TIV.

Foto: REUTERS /Ibraheem Abu Mustafa

7 oktyabrdan beri G‘azo sektorida HAMAS jangchilari qo‘lida bo‘lgan yana 14 nafar isroillik, shuningdek, uch nafar xorijlik fuqaro Qizil Xoch gumanitar tashkilotiga topshirildi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) 26 noyabr, yakshanba kuni kechqurun Telegram’da ma’lum qildi

Ayni paytda, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu guruhda bir «Rossiya pasporti egasi» borligini ta’kidladi. «Ushbu ozod etish almashinuv ro‘yxatidan tashqarida sodir bo‘ldi. Gap Rossiya vakillari va HAMAS o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishuvlar haqida ketmoqda», - deyiladi Rossiya TIVning Telegram’dagi postida. 

O‘z navbatida, HAMAS vakillari garovga olingan 13 nafar isroillik, uch nafar tailandlik va bir rossiyalik Qizil Xochga topshirilganini aytdi. Ayni paytda Qatar 39 nafar falastinlik mahbus 26 noyabr kuni Isroil qamoqxonalaridan ozod etilishi kerakligini bildirdi. 

Avvalroq Isroil OAV mamlakat rasmiylari HAMASdan G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishning uchinchi kuni - 26 noyabrda ozod etilishi rejalashtirilgan garovga olinganlar ro‘yxatini qabul qilganini yozgan edi. Ushbu ro‘yxatda 13 kishi, jumladan, AQSh fuqarolari borligi ta’kidlandi. 

Kecha kechasi Tel-Avivda 7 oktyabr kuni HAMAS jangchilari tomonidan Isroilga uyushtirilgan keng ko‘lamli hujum chog‘ida garovga olingan barcha shaxslarni ozod etish talabi bilan ommaviy miting bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilarga ko‘ra, tadbirda 100 mingga yaqin kishi ishtirok etgan. Xuddi shunday aksiya Quddusda ham o‘tkazildi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 15 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

24 noyabrdan beri G‘azo sektorida Qatar vositachiligida Isroil va HAMAS tomonidan to‘rt kunlik muddatga kelishilgan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilmoqda. Kelishuv shartlariga ko‘ra, bu vaqt ichida HAMAS jangchilari 7 oktyabr kuni garovga olinganlar orasidan 50 nafar ayol va bolani Isroilga topshirishi kerak. Isroil 150 nafar falastinlik mahbuslarni – ayollar va o‘smirlarni qamoqxonalardan ozod qilishi kerak. O‘t ochishni to‘xtatishning dastlabki ikki kunida, 24 va 25 noyabr kunlari HAMAS jami 26 nafar isroillik, shuningdek, 14 tailandlik va bir filippinlikni ozod qildi. 

Mavzuga oid