“Etalon loyiha” - Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoda ishga tushgan yirik IES haqida
Prezident 1,5 GW quvvatli zamonaviy va energiya samarador stansiya rekord muddatlarda, davlat kafolatisiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga qurilganini e’tirof etdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan birgalikda bu mamlakatning ACWA Power kompaniyasi ishtirokidagi ikkita loyihaga start berdi.
Tantanali tadbirda Sirdaryo viloyatida barpo etilayotgan zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyasining 1-bloki ishga tushirildi. Shuningdek, Chirchiq shahrida yashil vodorod ishlab chiqarib, uni yashil o‘g‘itlarga qayta ishlovchi korxona qurilishi boshlandi.
Shavkat Mirziyoyev marosimdagi nutqida Saudiya Arabistonining investitsiyalar vaziri Xolid Al-Falih va ikki mamlakat ishbilarmonlar kengashi hamraisi, ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abu-Nayan rahbarligidagi delegatsiyani yangi loyihalar bilan qutladi.
“Biz so‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni podshohi Salmon Ol Saud va Valiahd Muhammad Ol Saud hazrati oliylari bilan birgalikda ikki tomonlama hamkorligimizni yuksak bosqichga ko‘tarish uchun qat’iy harakat qilmoqdamiz.
Podshohlikka amalga oshirgan oliy darajadagi tashriflarimiz va ko‘plab aniq kelishuvlarimiz o‘zaro aloqalarimizga qudratli shiddat va yangicha ruh bag‘ishladi.
Savdo aylanmasi hajmi so‘nggi 3 yilda 5 barobarga o‘sdi, qo‘shma korxonalar, aviaqatnovlar va sayyohlar soni muntazam ortib bormoqda. Hozirgi vaqtda qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli 20 milliard dollarga yetdi”, – dedi prezident.
Saudiya delegatsiyasining Toshkentga bu galgi tashrifi doirasida kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, IT va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida 12 milliard dollarlik loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, bunga qo‘shimcha yana 11 mlrd dollarlik yangi istiqbolli loyihalar bo‘yicha kelishib olinganini qayd etdi.
Davlat rahbari bevosita “Sirdaryo” IESga to‘xtalar ekan, 1,1 gigavattli bu stansiyani etalon loyiha deb ta’rifladi.
“Saudiya Arabistonining dunyoga mashhur ACWA Power kompaniyasi bugun hamkorligimizning tom ma’nodagi lokomotiviga aylandi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Mana shunday hayajonli daqiqalarda ishga tushirilayotgan yangi “Sirdaryo” issiqlik elektr stansiyasi O‘zbekiston energetika tarmog‘ida o‘ziga xos etalon loyiha bo‘lib, mamlakatimiz iqtisodiyoti taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shadi.
Rekord muddatlarda, davlat kafolatisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga eng zamonaviy va energiya samarador bo‘lgan ana shunday yirik stansiya yuqori sifatda qurib bitkazildi.
Qiymati 1,1 milliard dollar bo‘lgan va quvvati 1,5 gigavattli ushbu stansiya 3 million xonadonni va yuzlab sanoat korxonalarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini kafolatli ta’minlaydi.
Loyiha doirasida Xitoyning jahondagi eng yirik kompaniyalaridan biri – Energy China bosh pudratchi sifatida tanlangan bo‘lsa, Yaponiyaning Mitsubishi kompaniyasi eng ilg‘or texnologiyalarni murakkab sharoitlarga qaramasdan, jadal yetkazib berdi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda ACWA Power kompaniyasi ishtirokida O‘zbekiston energetika sohasida 8 mlrd dollarlik yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ular mamlakatning 2030 yilgacha 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratishga qaratilgan maqsad va rejalarini to‘liq amalga oshirishga juda katta hissa qo‘shadi.
“Bu muhim loyihalar energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilib, 4,5 milliard kub metr tabiiy gazni tejashga, atmosferaga salkam 3 million tonna zararli gazlar chiqishining oldini olishga xizmat qiladi”, – dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev Chirchiqda qurilishi boshlangan yashil vodorod ishlab chiqaruvchi korxonani “mintaqada o‘xshashi yo‘q kelajak loyihasi” deb atadi.
“Bugun saudiyalik hamkorlarimiz bilan mintaqamizda o‘xshashi yo‘q yana bir kelajak loyihasiga – Toshkent viloyatida “yashil vodorod” ishlab chiqarish korxonasining qurilishiga start beramiz.
Mazkur “pilot” loyiha doirasida respublikamizda yiliga 3 ming tonna vodorod ishlab chiqariladi va 52 megavatt shamol stansiyasi faoliyat boshlaydi.
Bunda Xitoyning yetakchi LONGi kompaniyasining zamonaviy texnologiyalari asosida dunyoda birinchilardan bo‘lib, “yashil vodorod”dan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishga erishamiz.
Ushbu loyiha mamlakatimizning investitsiya va eksport salohiyatini yanada oshirish uchun qo‘shimcha zaxira yaratadi”, – deya ta’kidladi O‘zbekiston rahbari.
Mavzuga oid
21:25 / 09.12.2024
O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritiladi
18:55 / 14.09.2024
AQShda vodorodda harakatlanadigan noyob samolyot taqdim etildi
07:53 / 30.08.2024
YeTTB O‘zbekistonda qayta tiklanadigan vodorod ishlab chiqarish uchun mablag‘ ajratadi
18:28 / 21.08.2024