O‘zbekiston | 21:26 / 28.11.2023
9491
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish uchun keyingi bir yilda nimalar qilmoqchi?

Haj ziyorati bo‘yicha yagona va ochiq onlayn navbat yuritishga o‘tiladi, onlayn uzatiladigan imtihonlar ro‘yxati kengayadi. Budjetdan tashqari jamg‘armalar ochilishi, davlat xaridlaridagi insofsiz ijrochilar reyestri tuzilishi, Aksilkorrupsiya agentligiga yangi vakolatlar berilishi va boshqa o‘zgarishlar kutilmoqda. Kun.uz farmondagi yangiliklar va ijrochilar bilan tanishtiradi.

Aksilkorrupsiya agentligi / Foto: Kun.uz

27 noyabr kuni O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish va davlat tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oshirishga doir prezident farmoni qabul qilindi.

Agentlikka yangi vakolat

Endilikda har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari kesimida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qiladi.

Korrupsion jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash uchun agentlik xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritib boriladi.

Ochiqlik

Shuningdek, ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatidagi ma’lumotlar turlari 35 tadan 40 taga yetkazildi. Xususan, 2023 yil 1 dekabrdan quyidagi ma’lumotlar ochiqlanishi shart:

  1. Hududlar kesimida Hajga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati (ziyoratga boruvchi shaxsning arizasi navbatga qo‘yilgan sana va ro‘yxatdagi tartib raqami). Bu ma’lumotlarni har chorakda rasmiy veb-saytida joylab borishga mas’ul – O‘zbekiston musulmonlari idorasi.
  2. Bolalarni davlat bog‘chalariga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati (ariza navbatga qo‘yilgan sana, ro‘yxatdagi tartib raqami, yosh guruhi va tashkilot raqami). Bu ma’lumotlarni har chorakda ochiqlash majburiyati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuklatilgan.
  3. Davlat organlari va tashkilotlarida davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilovchi xarid komissiyasining ichki idoraviy tartibi (nizom, reglament, yo‘riqnoma yoki boshqa ichki idoraviy hujjat).
  4. Markaziy, hududiy va tizim tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
  5. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarga taqdim etilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari haqidagi ma’lumotlar, shu jumladan g‘olib bo‘lgan NNTlar va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari haqidagi ma’lumotlar.

3-, 4- va 5-banddagi ma’lumotlarning ochiqlanishiga har bir davlat organi va tashkilotining o‘zi mas’ul hisoblanadi.

Prezident farmoniga ko‘ra, internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatiladigan imtihonlar ro‘yxati yana 3 ta bandga uzaymoqda:

  1. Falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasi (yopiq ilmiy ishlar bundan mustasno);
  2. o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarining, test sinovlari hamda prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari;
  3. Oliy ta’lim muassasalari bazasidagi harbiy ta’lim fakultetlariga (harbiy kafedra) qabul qilishdagi saralash tanlovlari (tanlovlarning umumjismoniy tayyorgarlikni baholash va chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi bo‘yicha bilim darajasini baholash bosqichlari).

Yuqoridagi sinovlarning internetda jonli efirga uzatish uchun qaysi tashkilotlar mas’ul ekani belgilanmagan.

Ishonch telefonlari ustidan nazorat

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash maqsadida “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlarini tashkil etadi. “Sirli mijoz” tadbiri tashkilotlarning ishonch telefoni va boshqa rasmiy raqamlar doimiy ishchi holatda ekanini aniqlash maqsadida masofaviy tarzda o‘tkaziladi. Natijasi yuzasidan ko‘rib chiqish majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritiladi.

“Sirli mijoz” tadbirida quyidagilar taqiqlanadi: huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish, nizoli holatlarni sun’iy ravishda keltirib chiqarish, o‘rganish obektiga tashrif buyurish va agentlik mas’ul xodimidan boshqa shaxslardan foydalanish.

“Sirli mijoz” tadbir natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar vazirlik va idoralar xodimlarini javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi, ish beruvchi tomonidan shaxsiy tashabbus ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno.

Davlat dasturi

Farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023–2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlangan. Dasturda ko‘plab tashkilotlarga topshiriqlar berilgan.

Agentlik, 2024 yilning birinchi yarmiga qadar mas’ul tashkilotlar bilan fuqarolar tomonidan korrupsiya haqida tezkor xabarlar va qo‘ng‘iroqlarni yozib olish va ovozli xabar qoldirish imkoniyatini yaratishi hamda xabar beruvchilarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini nazarda tutuvchi hujjat loyihasini hukumatga kiritishi kerak.

2024 yil mart oyiga qadar agentlik, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Bosh prokuratura davlat organlari va tashkilotlari budjetdan tashqari jamg‘armalariga kelib tushayotgan mablag‘lar, ularning sarflangan maqsad va yo‘nalishlari haqidagi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilinishini nazarda tutuvchi hujjat loyihasini hukumatga kiritishi kerak.

2023 yil oxirigacha Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi byurokratik to‘siqlarni, korrupsiyaviy xatarlar va inson omilini qisqartirish maqsadida vazirlik va idoralarning kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyatini hrm.argos.uz elektron bazasi orqali takomillashtirilishi kerak.

Adliya vazirligi yil oxirigacha davlat organlari va tashkilotlarida ma’muriy tartib-taomillarni bir xilda tashkil etish va ijrosini ta’minlash bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqishi hamda yetkazilishini ta’minlashi lozim.

Oliy sud boshchiligida bundan keyin har chorak yakunida davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslarining noqonuniy chiqarilgani uchun bekor qilingan qarorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rasmiy veb-saytda ochiq e’lon qilib borishi kerak.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2024 yil may oyiga qadar yana bir muhim normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishi kerak. Unda davlat xaridida korrupsion huquqbuzarlik sodir etgan yoki manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan yuridik shaxs mansabdorlarini Insofsiz ijrochilar reyestriga kiritish, ularga aloqador yoki benefitsiar ta’sischiligida bo‘lgan boshqa firmalarni ham davlat xarididagi ishtirokini cheklash tartibi nazarda tutiladi. Bu masalada agentlik bilan birga Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari ham mas’ul.

Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshchiligida davlat xaridlarida tovar va xizmatlarning boshlang‘ich narxlari, Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga doir bir qancha normativ hujjatlar ishlab chiqishi kerak. Bunday hujjat loyihasi 2024 yil yanvar oyigacha tayyor bo‘lishi zarur.

Agentlik davlat xaridlari sohasida yana bir qancha vakolatlarga ega bo‘lishi kutilmoqda. Xususan, davlat dasturida 2024 yil 1-yarmiga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilib, hukumatga kiritilishi kerak:

  • Agentlikka o‘z vakolati doirasida aniqlagan davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunbuzarlik holatlari yuzasidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish vakolatini berish;
  • agentlikka davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan holda tuzilgan bitimni, qabul qilingan qarorni hamda boshqa hujjatni o‘zgartirish, bekor qilish yoki ularni haqiqiy emas deb topish haqida davlat bojidan ozod etilgan holda sudga da’vo kiritish vakolatini berish;
  • davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan holda davlatga yetkazilgan zararning hamda haqiqiy emas deb topilgan hujjatning ijrosi bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini aybdor mansabdor shaxsdan undirib olish;
  • davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgani holatlari aniqlanganda agentlikning taqdimnomasiga asosan xarid qilish tartib-taomillarini to‘xtatib turish.

Yana bir muhim vazifa – agentlik va mas’ul idoralar 2024 yil 1-yarmida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilishiga imkoniyat yaratib berayotgan funksiya va vazifalarini tahlil qiladi. Shuningdek, bu vazifalarni sudlarga o‘tkazish yoki raqamlashtirish orqali korrupsiya xavf-xatarlarni minimallashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari, NNT va OAVning rolini oshirish maqsadida 2023-2024 yillarda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan grantlar va ijtimoiy buyurtmalar soni va ajratilayotgan mablag‘lar miqdori oshiriladi.

Shuningdek, 2024 yil avgust oyiga qadar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “Xalqaro moliya-tijorat bitimlarini amalga oshirishda xorijiy mansabdor shaxslarga pora berishga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiyasi”ga qo‘shilish masalasi o‘rganiladi. Bunda konvensiyaga qo‘shilish yuzasidan milliy ekspertlar guruhini shakllantiriladi va asoslantirilgan takliflar Prezident administratsiyasiga kiritiladi.

2024 yil fevral oyiga qadar “Ochiq hukumat hamkorligi” xalqaro tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasi bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqiladi. Yuqoridagi ikki topshiriq yuzasidan agentlik bilan bir qatorda Tashqi ishlar vazirligi ham mas’ul.

Kelasi yilda agentlik huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va vazirliklar bilan birgalikda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyani ishlab chiqishi lozim.

Dasturdan “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini kun tartibiga qaytarish masalasi o‘rin olmagan.

Mavzuga oid