O‘zbekiston | 16:34 / 01.12.2023
37809
3 daqiqa o‘qiladi

Bloger Olimjon Haydarov 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Sud blogerni Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha aybdor deb topgan hamda jazolarni qo‘shish yo‘li bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, Olimjon Haydarovning ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifa va kanallarini o‘chirish belgilandi.

Foto: Kun.uz

1 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida bloger va jamoatchilik faoli Olimjon Haydarovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish, yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining raisi A. Ergashev e’lon qilgan hukmga ko‘ra, O. Haydarovning ayblovidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi chiqarildi.

Haydarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi, 3-qismi «a» bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Shuningdek, Majburiy ijro byurosi zimmasiga ijtimoiy tarmoqlardagi O. Haydarovga tegishli barcha kanal, sahifa va guruhlarni hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng o‘chirilishi (bloklanishi)ni ta’minlash yuklatildi.

Shuningdek, jabrlanuvchi S. M.ga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar undirish bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagani sababli, moddiy va ma’naviy zarar undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.

Birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar jinoyat-protsessual qonunchiligida belgilangan tartib va muddatda Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish huquqi mavjud.

Farg‘onalik bloger va jamoatchilik faoli Olimjon Haydarov bugun, joriy yil 29-iyul kuni huquq tartibot organlari tomonidan tovlamachilikda gumonlanib qo‘lga olingan edi. IIB u Qo‘qondagi bozor haqida salbiy mazmundagi maqolani chiqarmaslik uchun pul talab qilganini aytgan. 

10 oktyabr kuni bloger Olimjon Haydarovga nisbatan tergovni yakunlab, ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudiga o‘tkazildi. Tovlamachilikda gumonlanib qo‘lga olingan blogerga tergov davomida tuhmat va haqorat qilish ayblovlari ham qo‘yilgan edi.

Mavzuga oid