Jahon | 21:22 / 06.12.2023
7165
3 daqiqa o‘qiladi

TIME jurnali xonanda Teylor Sviftni «2023 yil odami» deb topdi 

Svift yil davomida keng ko‘lamli Eras Tour jahon bo‘ylab gastrolini o‘tkazdi va shou-biznes olamida shov-shuv ko‘tardi. 

Foto: TIME

Amerikalik qo‘shiqchi ayol Teylor Svift TIME jurnali talqini bo‘yicha «2023 yil odami» deb topildi. 

34 yoshli pop-xonanda boshqa da’vogarlarni, jumladan, Vladimir Putin, Si Jinping, OpenAI asoschisi Sem Altman, qirol Charlz III, «Barbi» hamda Hollivud aktyorlari va ssenariy mualliflarini ortda qoldirdi. 

17 yillik faoliyati davomida Svift Amerikada (Billboard 200) birinchi o‘rinni egallagan 12 ta albom chiqardi, ko‘plab «Gremmi» va boshqa mukofotlarni qo‘lga kiritdi. U kantri-xonandasi sifatida boshlab, pop-yulduz darajasiga ko‘tarildi, orada ikkita indi-albomni ham taqdim qildi. 

2022 yilda Svift pandemiyadan keyin birinchi marta konsert berishni boshladi - uning keng ko‘lamli Eras Tour jahon bo‘ylab gastroli milliarderlar qatoriga kiritdi. 

Odatda TIME hokimiyatning an’anaviy sohalari vakillarini «Yil odami» deb e’tirof qiladi. Biroq, g‘ayrioddiy ta’siri 2023 yil davomida namoyon bo‘lgan Svift bunday lavozimga ega emasdi. 

«Har bir yilda ezgulik va zulmat bor. 2023 yilning ko‘p qismini zulmat egalladi. Juda ko‘p qadriyatlar barbod bo‘layotgan dunyoda Teylor Svift chegaralardan oshib o‘tdi va ezgulik manbaiga aylanish yo‘lini topdi», deyiladi jurnal bergan ta’rifda. 

Teylor Svift 2017 yilda ham jinsiy zo‘ravonlikka qarshi chiqqan Silence Breakers guruhi bilan birga «Yil odami» bo‘lgan edi. 

1927 yildan boshlangan an’anaga ko‘ra, TIME yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’i nazar yil davomida sarlavhalarni shakllantirgan shaxslar, konsepsiyalar yoki guruhlarni «Yil odami» sifatida e’tirof qiladi. 

2022 yilda TIME Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va «Ukraina ruhi»ni «Yil odami» deb e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid