O‘zbekiston | 11:12 / 06.12.2023
12258
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Oliy sudning katta konsultanti 10 ming dollar bilan ushlandi

DXX tomonidan Toshkentda Oliy sudning katta konsultanti, Surxondaryoda esa sudya katta yordamchisi qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘zbekiston Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati katta konsultanti fuqarodan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, u muqaddam sudlangan 2 nafar shaxsga nisbatan Oliy sudning Jinoiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida kassatsiya tartibida ko‘rilayotgan jinoyat ishini Farg‘ona viloyat sudiga o‘tkazgan holda, ularning oqlanishiga yordam berishni va’da qilgan.

Boshqa holatda esa Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining sudya katta yordamchisi mahalliy tadbirkorning ishonchiga kirib, uning appelyatsiya bosqichida ko‘rilayotgan da’vo arizalarini sudyalar orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 6 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi. 

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, sudya katta yordamchisi muqaddam tadbirkorning Termiz tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan da’vo arizasini ijobiy hal qilib berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilib, 600 AQSh dollari olganligi ham ma’lum bo‘lgan. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

 

Mavzuga oid