Toshkentda jurnalistlarni kaltaklagan «Ko‘prikqurilish» xodimiga jazo tayinlandi
Toshkentda reportaj tayyorlamoqchi bo‘lgan jurnalistlarni kaltaklagan «Ko‘prikqurilish» xodimi 4 yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilindi. Aybdorga 2 yillik sinov muddati berilib, undan 23,7 mln so‘m zarar undirilishi belgilandi.
Toshkent shahrida Zo‘rTV jurnalisti bilan operatorini kaltaklagan shaxsga hukm o‘qildi.
Toshkent shahri sudi «O‘zbekiston temiryo‘llari»ga qarashli «Ko‘prikqurilish» tresti 67-otryadi ish boshqaruvchisi Nodir Eshniyozovni Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 3-qismi «a» va «g» bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga dastlab 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llanib, hukm shartli ekani e’lon qilindi va aybdorga 2 yillik sinov muddati belgilandi. Shu bilan birga, Zo‘rTV kanali foydasiga yetkazilgan zarar uchun 23,8 million so‘m mablag‘ undirilishi belgilandi.
Hodisa shu yil avgust oyida sodir bo‘ldi. Dastlab, Toshkent xalqaro aeroportiga eltuvchi yo‘l o‘tkazgich to‘sinlari rekonstruksiya jarayonida qulab tushdi. «O‘zbekiston temiryo‘llari» voqeaga ehtiyotsizlik sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
To‘sin qulashini yoritish uchun borgan Zo‘rTV telekanali jurnalistlariga qarshilik ko‘rsatilib, operatorning kamerasiga zarar yetkazildi, o‘zi esa kaltaklandi. Zo‘ravonlik ko‘rsatib, kuch ishlatgan xodim Nodir Eshniyozov ekani ma’lum bo‘ldi. «O‘zbekiston temiryo‘llari» uni ishdan bo‘shatilganini e’lon qildi.
Buning ortidan IIV bezorilik holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan edi.
Mavzuga oid
10:50 / 06.12.2024
RF Tergov qo‘mitasi Qodirovning Bastrikinga qarshi da’volariga javob qaytardi
21:51 / 14.09.2024
Toshkentda yosh ishchini kaltaklagan do‘kon xodimiga ma’muriy ish qo‘zg‘atildi
19:06 / 14.09.2024
Inbazar do‘konida yosh xodim xatosi uchun kaltaklandi
09:45 / 10.09.2024