O‘zbekiston | 15:09 / 11.12.2023
7018
3 daqiqa o‘qiladi

“Noqonuniy ma’lumotlarga “layk” bosganlik uchun javobgarlik bor” – AOKA

Agar tergov va sud noqonuniy ma’lumotga bosilgan “layk”ni uni tarqatish deb baholasa, bu ishni qilgan shaxs javobgarlikka tortilishi mumkin. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi fuqarolarni yolg‘on ma’lumotlar tarqatishda ishtirok etmaslikka chaqirdi.

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi har qanday axborotni tarqatishdan avval manbaning ishonchliligini tekshirishni so‘radi.

Noqonuniy ma’lumotlarga yolg‘on ma’lumotlar, feyk xabarlar, dezinformatsiya, noqonuniy harakatlarga undash, maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilish, ekstremistik kontent, haqoratli so‘zlar va pornografik materiallar kiradi.

Ma’lumotni tarqatishdan oldin tekshiring va rasmiy manbalardan foydalaning. Yolg‘on ma’lumotlar tarqatishda ishtirok etmang. Bu nafaqat sizning huquqingiz, balki jamiyat oldidagi burchingiz hamdir. Esda tuting, tarqatgan materiallarimiz uchun har birimiz javobgarmiz. Qonunlarga rioya qiling va xavfsiz axborot muhitini yaratishda ishtirok eting”, deyiladi AOKA xabarida.

Qonunchilikda yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik mavjud.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasiga ko‘ra:

  • Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish – BHMning 50 baravari miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish – BHMning 50–100 baravari miqdorida (22 mln 300 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 244-6-moddasiga ko‘ra:

  • shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ushbu huquqbuzarlikka takroran yo‘l qo‘ysa, BHMning 150 baravarigacha  miqdorida jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
  • jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
  • Yuqoridagi jinoyatlarni javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda sodir etganlik uchun yana ham og‘irroq jazo choralari, ya’ni BHMning 400 baravarigacha jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash belgilangan.

Oldinroq navoiylik keksa ayol 5 yil oldin diniy ma’ruzaga “klass” bosgani uchun 3 yilga ozodlikdan cheklangandi

Mavzuga oid