Toshkent–Samarqand pulli avtomagistrali loyihasi ishlab chiqildi
Yo‘l avtomagistral talablari asosida qurilib, 6 tasmali, 305 km uzunlikda bo‘lishi, barcha tutashma va inshootlar ustidan yangi yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi ko‘zda tutilmoqda.
Toshkent–Samarqand pullik avtomobil yo‘li loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqildi. Bu haqda Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari boshqarmasi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, xalqaro standartlarga javob beradigan 305 km uzunlikdagi 6 tasmali avtomobil yo‘li “Avtomagistral” talablari asosida quriladi.
Hamma tutashma va inshootlar ustidan yangi ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar qurish hamda intellektual transport tizimini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Pulli yo‘lning qurilishi hozirda mavjud yagona yo‘lga tushayotgan yuklamaning taqsimlanishiga olib keladi.
Yo‘l qoplamasining yuk ko‘tarish qobiliyati xalqaro standartlar bo‘yicha 13 tonna bo‘ladi. Avtomobil yo‘lining xizmat qilish muddati esa 25 yil deb belgilangan.
Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asosini Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ajratgan 350 ming yevro grant mablag‘i hisobidan Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi ishlab chiqqan. YeTTB texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish uchun jami 1,5 mln dollar ajratgan.
Loyihani amalga oshirish uchun tender asosida Turkiyaning Proyapı Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş kompaniyasi tanlab olingan.
- O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida pulli yo‘llar qurish haqida ilk bor 2018 yilda gapirilgan edi. O‘shanda Germaniyaning GP Günter Papenburg kompaniyasi boshqaruvi raisi Gyunter Papenburg Toshkentga kelib, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbari Abdurahmon Abduvaliyev bilan uchrashgandi.
- 2022 yil oktyabrda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori Zokir Bozorov Toshkent–Samarqand va Toshkent–Andijon pulli avtomobil yo‘llari 2026 yilgacha qurib bitkazilishini ma’lum qilgan.
- Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil iyunda samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuvida Toshkent–Andijon pulli yo‘lini qurish ishlari yil oxirigacha boshlanishini aytgandi.
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
09:09 / 20.12.2024