Iqtisodiyot | 23:14 / 13.12.2023
16463
3 daqiqa o‘qiladi

Argentina o‘z valutasini ikki barobar devalvatsiya qildi 

Prezident Xaviyer Miley hukumati iqtisodiy inqirozning oldini olish maqsadida ko‘riladigan chora-tadbirlarni e’lon qildi. 

Foto: AP

Argentinaning yangi iqtisodiyot vaziri Luis Kaputo hukumat pesoning rasmiy kursini 50 foizdan ortiq devalvatsiya qilganini aytdi. Bu haqda Buenos Aires Times yozdi. 

Prezident Xaviyer Miley hukumati iqtisodiy inqirozning oldini olish maqsadida pesoning keng ko‘lamli devalvatsiyasini boshladi va bir qator boshqa choralarni ko‘rdi. Iqtisodiyot vaziri Lui Kaputo so‘zlariga ko‘ra, dollar narxi 800 pesoga ko‘tariladi, mamlakat valutasi 54 foizdan ortiq devalvatsiya qilinadi. 

«Rasmiy ayirboshlash kursi 1 dollar uchun 800 peso bo‘ladi, bu kun boshidagi 391 peso qiymatdan ikki barobar yuqori», dedi Kaputo inflatsiyaga qarshi kurash va xarajatlarni kamaytirish doirasidagi choralarni e’lon qilarkan. 

U, shuningdek, yoqilg‘i va transport uchun davlat subsidiyalari qisqartirilishini ma’lum qildi. Hammasi bo‘lib Kaputo o‘nta chora-tadbirni e’lon qildi, ularning aksariyati davlat xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan. Vazirliklar va kotibiyatlar sonini ikki barobarga qisqartirish kabi oldindan e’lon qilingan qadamlar shular jumlasidan. 

Viloyat hukumatlariga pul o‘tkazmalari («diskretsion transfertlar») ham bekor qilinadi va tashqi moliyalashtirishsiz amalga oshirilayotgan barcha jamoat ishlari loyihalari darhol to‘xtatiladi. 

Kaputo e’lon qilgan boshqa chora-tadbirlar qatoriga barcha davlat reklamalarini bir yilga to‘xtatib qo‘yish ham kiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu 2023 yilda 34 milliard pesoga tushgan. Transport va energetika uchun subsidiyalar ham qisqartiriladi — bu Argentina hukumati uchun katta xarajat, dedi u. 

«Bu to‘g‘ri yo‘l. Biz falokatning oldini olishimiz kerak. Pul yo‘q», dedi Kaputo va status-kvoni saqlab qolish Argentinani yanada chuqurroq inqirozga olib kelishidan ogohlantirdi. 

Kaputo devalvatsiya oqibatida xarid qilish qobiliyatidagi yo‘qotishni qoplash uchun hukumat bolalar nafaqalari va oziq-ovqat talonlari to‘lovlarini 50 foizga oshirishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid