O‘zbekiston | 14:19 / 15.12.2023
10181
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent yerusti metrosining 2 ta yangi bekati sinov tariqasida ochildi

Quruvchilar dahasidan Sergeligacha bo‘lgan «Turon» va «Qipchoq» metro bekatlarining qurilishi yakunlanib, sinov tariqasida poyezdlarning yo‘lovchilarsiz harakati boshlandi. Yangi bekatlardan aholining qachon foydalanishi mumkinligi sinovlardan keyin ma’lum bo‘ladi. 

Toshkent metrosi Yerusti halqa yo‘lining ikkinchi bosqichi doirasidagi Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesiga qadar qurilayotgan 2 ta yangi — «Turon» va «Qipchoq» bekatlarining qurilish ishlari yakuniga yetkazildi. Bu haqda Kun.uz’ga «Toshkent metropoliteni» DUK matbuot kotibi To‘ychi Mirzayev ma’lum qildi. 

15 dekabrdan boshlab «Turon» (13-bekat) va «Qipchoq» (14-bekat) bekatlarida sinov tariqasida (yo‘lovchilarsiz) poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yildi.

Qayd etilishicha, sinovning yakuniy muddati va yangi bekatlarning yo‘lovchilar uchun qachondan xizmat ko‘rsatishi haqidagi ma’lumotlar tajriba natijalari asosida qo‘shimcha ravishda taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, yangi bekatlarning ishga tushirilishi sabab avvalroq Yerusti halqa yo‘lining bir qancha boshqa bekatlarda ish rejimi o‘zgarishi haqida xabar berilgandi. 

Dastlab «Texnopark» va «Yashnobod», keyinroq esa «Tuzel» (3-bekat) bekatlarida ish rejimi qisqartirilib, poyezdlar harakati soat 06:00 dan 22:00 ga qadar amalga oshirilish boshlangandi.

Ma’lumot uchun, Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan Yerusti halqa yo‘li jami 7 ta metro bekatini o‘z ichiga olgan. Uning qurilishi 2020 yilning dekabr oyidan boshlangan. 

Shu yil aprel oyida bekatlarning 5 tasi aholiga foydalanishga topshirilgandi.

Mavzuga oid