Jahon | 22:38 / 16.12.2023
12144
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh sobiq razvedkachisi rossiyalik oligarxga yordam bergani uchun jazolandi

FQB sobiq agenti Charlz Makgonigal rossiyalik oligarx Oleg Deripaska uchun ishlagani aniqlandi.

Charlz Makgonigal Foto: Reuters

Nyu-York sudi sanksiya ostidagi rossiyalik oligarx Oleg Deripaska uchun ishlagan Federal qidiruv byurosining (FQB) sobiq agenti Charlz Makgonigalni 50 oylik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda «Amerika Ovozi» xabar berdi.

Makgonigal qamoq muddatidan tashqari 40 ming dollar jarima to‘lashi kerak bo‘ladi. U sanksiyalarni buzish uchun til biriktirganlikda aybdor deb topildi.

«Ushbu hukm Amerika Qo‘shma Shtatlari sanksiyalarini buzgan har bir kishi, ayniqsa, bu mamlakat ishonch bildirgan xodimlar ham og‘ir jazoga tortilishini eslatib turadi», dedi sudya hukm chog‘ida.

Tergov xulosasiga ko‘ra, Magkonigal Deripaska topshirig‘iga ko‘ra, uning raqobatchisi Vladimir Potaninga qarshi kompromat izlagan. Sud jarayonida u Deripaskaning ko‘rsatmasi bo‘yicha ish tutganini va uchinchi shaxslar orqali pul olganini tan oldi. Shu sababli uning jazo muddati 5 yil o‘rniga 4 yil 2 oy qilib yumshatilgan.

Makgonigal 2016 yildan 2018 yilgacha Nyu-Yorkdagi FQB kontrrazvedka bo‘linmasini boshqargan.

Oleg Deripaska 2018 yildan beri AQSh sanksiyalari ostida. 2022 yilda AQSh Adliya vazirligi uni sanksiyalar rejimini chetlab o‘tishda sirtdan aybladi.

Mavzuga oid