O‘zbekiston | 17:52 / 18.12.2023
35185
2 daqiqa o‘qiladi

Bekobod tuman hokimi qamoqqa olindi - manba

Kun.uz manbasiga ko‘ra, hokim lavozimiga 4 oy oldin tayinlangan Shuhrat Mirzayev budjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Umuman, oxirgi bir oy ichida korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlari doirasida o‘nga yaqin mansabdor hibsga olingan.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyati Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzayev jinoyat ishida gumonlanmoqda. Kun.uz manbasiga ko‘ra, u korrupsiyaga qarshi kurashish tadbiri doirasida qo‘lga olingan. Hokimga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Mirzayev Bekobod tumani hokimi lavozimiga shu yil 7 avgustda tayinlangan edi. Ungacha Qishloqqurilishbank Buxgalteriya hisobi va hisoboti departamenti boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Oldinroq sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib tergov qilinayotgani va jinoyat ishi doirasida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingani xabar qilingandi.

Kun.uz manbasining qo‘shimcha qilishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlari doirasida oxirgi bir oyda o‘nga yaqin mansabdor tergovga jalb etilgan.

  • Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzayev 1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 2004 yil Toshkent moliya instituti, 2007 yil G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasining Toshkent shahridagi filiali, 2009 yil prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyalarini tamomlagan.

 

Mavzuga oid