O‘zbekiston | 12:16 / 21.12.2023
6923
2 daqiqa o‘qiladi

Humo kartalari ishlashida nosozliklar kuzatilmoqda

Humo rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, kartalar ishlamay qolganiga texnik ishlar olib borilayotgani sabab bo‘lgan va yaqin vaqtlar ichida muammo bartaraf etiladi.

Nosozlik ham onlayn tizimlarda, ham terminallarda kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda Humo to‘lov tizimi kartalari bilan mobil ilovalar orqali ham, terminallar orqali ham operatsiyalarni amalga oshirib bo‘lmay qoldi. Ayrim ilovalar “Provayder tomonidan texnik muammolar bor” degan yozuvni aks ettirmoqda. Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirilgani yo‘q.

Kun.uz muxbiri vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida kompaniyaning ishonch telefoniga bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, kartalar ishlamay qolganiga texnik ishlar olib borilayotgani sabab bo‘lgan va yaqin vaqtlar ichida muammo bartaraf etiladi.

Avvalroq, oktyabr va noyabr oylarida ham Humo kartalari orqali onlayn to‘lovlar va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda nosozliklar kuzatilgandi. Markaziy banki rahbari Mamarizo Nurmurodov to‘lov tizimi faoliyatidagi muammolar dasturiy ta’minot yangilanishi bilan bog‘liqligini aytib o‘tgandi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 1 iyuldan to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi. Ularga ustav kapitalining minimal miqdori bo‘yicha qo‘yilgan talablar oshirildi. Humo to‘lov tizimi operatoridagi davlat ulushi Markaziy bankdan Davaktiv balansiga o‘tkazildi.

Mavzuga oid