Jahon | 07:04 / 22.12.2023
6885
3 daqiqa o‘qiladi

«Mariupolda 20 kun» filmi «Oskar» short-listiga kiritildi

Mstislav Chernovning Mariupol shahrining vayron qilingani haqidagi filmi «Eng yaxshi hujjatli to‘liq metrajli film» va «Chet tilidagi eng yaxshi film» nominatsiyalarida qayd etildi.

Foto: AP

Ukrainalik fotojurnalist Mstislav Chernovning «Mariupolda 20 kun» hujjatli filmi Amerikaning «Oskar» kinomukofoti short-listiga kirdi. Bu haqda 21 dekabr, payshanba kuni Amerika kinoakademiyasi saytida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanganidek, Ukraina filmi «Eng yaxshi hujjatli to‘liq metrajli film» nominatsiyasida qayd etilgan bo‘lib, unda bosh sovringa da’vogarlar ro‘yxatida jami 15 ta hujjatli film bor. Bundan tashqari, «Mariupolda 20 kun» filmi «Chet tilidagi eng yaxshi film» nominatsiyasiga kiritilgan.

Ushbu nominatsiya bo‘yicha mukofotga 15 ta nomzod orasida, maktabda nazoratdan tashqaridagi mojaro haqida hikoya qiluvchi, rejissyor Ilker Catak tomonidan suratga olingan «O‘qituvchilar xonasi» nemis filmi ham bor. Shuningdek, ro‘yxatda nemis rejissyori Vim Venders tomonidan suratga olingan Yaponiyaning «Mukammal kunlar» filmi hamda ssenariy muallifi, rejissyor va bosh aktyor Maykl A.Gurjyan ishtirok etgan Armanistonning «Amerikalik» filmi bor.

«Oskar»ning yakuniy nominantlari 2024 yil 23 yanvarda e’lon qilinadi, 96-topshirish marosimi 10 martga rejalashtirilgan.

«Mariupolda 20 kun» filmi tarixi

Filmda Mariupolning vayron bo‘lgani tasvirlari Rossiyaning Ukrainaga hujumi birinchi kunlarida The Associated Press muxbirlari guruhi tomonidan suratga olingan, unga, jumladan, ukrainalik fotomuxbirlar Mstislav Chernov, Yevgeniy Maloletka va prodyuser Vasilisa Stepanenko kirgan.

Mariupolga hujum kuni, 2022 yil 24 fevralda kelgan Chernov va Maloletka mahalliy kasalxonalardagi shifokorlarning ishini ko‘rgan, tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarni qayd etgan va 15 mart kuni gumanitar koridor ochilgandan keyin jo‘nab ketgan karvon tarkibida shaharni tark etgan.

2023 yil yanvar oyida film AQShdagi Sundance mustaqil kino festivalida tomoshabinlar mukofotiga sazovor bo‘ldi. 2022 yil may oyida Yevgeniy Maloletka va Mstislav Chernov DW so‘z erkinligi mukofoti, dekabrda esa «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining matbuot erkinligi uchun mukofoti bilan taqdirlandi. Yevgeniy Maloletka 2023 yilda World Press Photo tanlovida g‘olib chiqdi, u avval Britaniyaning The Guardian gazetasi tomonidan yilning eng yaxshi fotosuratchisi deb tan olingan edi.

Mavzuga oid